Islom dinida qibla yo‘nalishini aniqlash muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu bois, asrlar davomida islom olimlari, xususan, Markaziy Osiyo mutafakkirlari bu yo‘nalishda jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib borishgan va qiblani aniqlash masalasi astronomiya va geometriya taraqqiyotiga turtki bergan.
Shunday qibla kompasslaridan biri Niderlandiyadan O‘zbekistonga maxsus olib kelindi va Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan joy oldi.

Ushbu kompass XVII–XVIII asrlarda Isfahonda yaratilgan nusxalardan ilhomlangan holda tayyorlangan. Asbob ilmiy jihatdan Beruniy tomonidan ishlab chiqilgan retro-azimutal proyeksiyaga asoslangan. Bu proyeksiya qibla yo‘nalishini yuqori aniqlikda aniqlash imkonini bergan. Asbobda 100 dan ortiq shahar koordinatalari aks ettirilgan bo‘lib, ularning katta qismi XV asrda Markaziy Osiyoda tuzilgan geografik manbalardan olingan.
Qibla ko‘rsatgichning estetikasi ham o‘ziga xos: to‘g‘ri va elliptik chiziqlar, geometriya qonunlariga asoslangan bezaklar uni nafaqat amaliy asbob, balki yuksak badiiy qimmatga ega sanʼat namunalari sirasiga kiritadi. Asbob diametri — 18 sm, shaharlar ingliz tilida berilgan, masofa ko‘rsatkichi kilometrlarda hisoblangan.
