Nyu-Dehli Milliy muzeyining zargarlik buyumlari kolleksiyalari orasida eng qimmatbaholaridan biri miloddan avvalgi I asr – milodiy I asrga oid Taksila kolleksiyasidir.
Shuni taʼkidlash lozimki, Taksila zargarlik buyumlari, Kushonlar saltanatiga shunchalar xos bo‘lgan tasviriy va badiiy obrazlarning rang-barangligi eslatmasidir. Bu Hindiston va O‘zbekiston hududlarini birlashtirgan yagona madaniy makon – Hindiston, Baqtriya va Markaziy Osiyoga xos xususiyatlarning uyg‘unlashuvini namoyon etgan, natijada ko‘plab mintaqaviy uslublar bir-birini boyitgan davr bo‘lgan edi. Taksila zargarlari ushbu madaniy muloqotni mamlakatlarimizning o‘tmishdagi umumiy madaniy landshaftiga ishora qiluvchi qimmatbaho tillalar bilan bezatganlar. Bu nozik oltin buyumlar, haqiqatan ham, buddizm davrida ikkala mamlakatni o‘zaro bog‘lagan tarix va xalqaro aloqalardan dalolat beradi.
Tarixiy faktlar va arxeologik topilmalar Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlar, xususan, diniy, falsafiy, sanʼat, turli tovar ayirboshlash va savdoning boshqa ko‘plab turlari sohasida rishtalar mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi. Muloqotning asosiy omili buddizm edi. Bu hududlar o‘rtasidagi samarali madaniy almashinuv va muloqot buddizm taʼlimoti Hindiston yarimorolidan hozirgi O‘zbekiston hududiga tarqalganidan so‘ng o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan.
Maʼlumot uchun: Takshashila yoki zamonaviy Taksila qadimgi dunyoning eng ahamiyatli markazlaridan biri bo‘lib, Markaziy va Kichik Osiyoning Hindiston bilan aloqalarini o‘rganishda muhim bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda. Hindistonning bu qadimiy shahri o‘zining meʼmorchiligi, sanʼati va hunarmandchiligi bilan mashhur bo‘lgan, o‘z tangalarini zarb qilgan, turli dostonlar va diniy matnlarda madh etilgan. Bugungi kunda Pokistonning zamonaviy Panjob viloyatida joylashgan Taksila deyarli 3000 yillik tarixga ega shahar bo‘lib, Markaziy va Janubiy-G‘arbiy Osiyoda gullab-yashnagan turli sulolalar va jamiyatlar haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi muhim arxeologik yodgorlik hisoblanadi. U hali ham muhim strategik mavqega ega. Tarixiy nuqtai nazardan, Taksila muhim savdo markazi edi, u qadimgi savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan.
Nyu-Dehli Milliy muzeyidagi zargarlik buyumlari kolleksiyasi Taksila zargarlik buyumlarining yuksak darajadagi mahorati va uslubini eslatuvchi ushbu osori atiqalarning bir qismi, xolos.
Aleksandr Kanningem tomonidan kashf etilgan Taksila yigirma yil davomida arxeolog ser Jon Marshall tomonidan arxeologik tadqiqotlar obyekti bo‘lib kelgan. Taksiladagi qazishmalar jarayonida ko‘plab zargarlik buyumlari – munchoqlar, marjonlar, sirg‘alar, uzuklar, sochga taqiladigan taqinchoqlar va bilaguzuklar topilgan. Umum hisobda qimmatbaho metallardan, asosan oltindan yasalgan 213 ta zargarlik buyumlari jamlangan.
Taksila zargarlik buyumlarini tayyorlashning odatiy usullariga oltin varag‘i va zig‘iraklaridan foydalanish, qoliplash va detallarga alohida urg‘u berish kiradi. Qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar – serdolik, lojuvard, marvarid, ametist, aqiq, oq ortoklaz, xalsedon, yoqut va chig‘anoqlar keng qo‘llanilgan.
Zargarlik buyumlari dizaynida guldor naqshlar – uzum va uzum toklari, gullar va boshqalar ustunlik qiladi. Ajoyib uslub ramzi bo‘lib qolgan uzuk va uning yonidan topilgan sirg‘alar ifodali gul naqshlari bilan bezatilgan betakror namunalardir.
... Taksila zargarlik buyumlari qadimgi Hindistonni dunyoning boshqa mintaqalari, xususan, O‘zbekiston bilan bog‘lagan madaniy jarayonlarni tushunishdagi ko‘plab kalitlardan bittasi, ammo eng ahamiyatlisidir. Bu buyumlar Termiz va kushonlar Baqtriyasining boshqa yodgorliklaridan topilgan zeb-ziynatlar bilan taqqoslash nuqtai nazaridan, ayniqsa, qiziqarli. Hindiston milliy muzeyidagi buddizmning gullab-yashnagan davriga oid kolleksiya Hindiston va O‘zbekistonning quruqlikdagi kesishuv chizig‘ida topilgan. Buddizm o‘sha davrda zamonaviy O‘zbekiston joylashgan hududda gullab-yashnaganligi va mahalliy buddizm sanʼatining ko‘plab muhim yodgorliklari uchun ilhom olish manbai bo‘lganligini nazarda tutsak, xulosa qilish mumkinki, bizning mamlakatlarimiz O‘zbekiston zaminida yorqin rivoj topgan mazkur hind diniga xos nafis tuyg‘ular va falsafiy intilishlarda hamjihat bo‘lgan.








