Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar

Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar

VIII asrda Surxondaryo arablar bosqiniga uchragan, xalifalik parchalanganidan keyin navbatma-navbat mahalliy, O‘rta Osiyo sulolalari vakillari boshchiligidagi davlatlar tarkibiga kirgan. Shu vaqtga oid muhim voqea sifatida O‘zbekiston janubi musulmon olamining eng yorqin va o‘ziga xos markazlaridan biriga aylanganligini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Shahar, ilm-fan, madaniyat va sanʼat jadallik bilan rivojlangan. Markaziy Osiyo mintaqasi uchun bu davr Musulmon Renessansi davriga aylangan.

 

Jarqo‘rg‘ondagi minora, Hakim at-Termiziy maqbarasi, Termiz hukmdorlari saroyi kabi XI – XII asrlarga oid va bugungi kungacha saqlanib qolgan ko‘zga ko‘ringan yodgorliklar sanʼatdagi yangi yo‘nalishlardan dalolat bera oladi. Yangi turdagi binolar, shuningdek, ularning bezaklari jamiyatda yangi maʼnaviy va estetik talablar shakllana boshlaganini aks ettiradi.

 

Binolarning bezashdagi yangiliklarni eʼtiborsiz qoldirib bo‘lmaydi – frizlar va turli arab yozuvlari yordamida bitilgan epigrafika shular jumlasidan. Ko‘pincha ular handasaviylashtirilgan kufiy va moslashuvchan nastaʼliqdan iborat bo‘lgan. Yozuvlarda asosan Alloh taoloning ismlari, Qurʼon suralari, ibratli so‘zlar, baʼzan Termiz va uning atoqli shaxslari bilan bog‘liq tarixiy maʼlumotlar aks ettirilgan.

Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar

Termizshohlar saroyining bezaklari ajoyib go‘zallikka ega bo‘lib, uning devorlari ganch o‘ymakorligi, girix uslubidagi handasaviy naqshlar bilan bezatilgan. Bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki sherning o‘yib ishlangan geraldik tasviri, shuningdek, qanotli jonzotlarni (fragmentlarda topilgan) Termiz hukmdorlari saroyida topilgan eng ko‘zga tashlanadigan ashyolar sifatida eʼtirof etish mumkin.

 

X – XI asrlar amaliy sanʼati namunalari orasida maishiy sirlangan va sirlanmagan kulolchilik buyumlarini alohida ajratish mumkin. Sirlanmagan kulolchilik buyumlariga misol sifatida bo‘rtma naqshlar bilan bezatilgan turli shakldagi uy-ro‘zg‘or qozonlari, sirlangan buyumlarga misol sifatida dasturxon, idish-tovoq va ko‘zalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ulardan baʼzilarining o‘ziga xos xususiyati oq fonda quyuq bo‘yoq bilan yozilgan bir xil epigrafik dekor edi. Mazmuniga ko‘ra, yozuvlar turli xil ezgu tilaklarni ifodalagan.

Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar
Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar
Musulmon Renessansi davri: Termizda shakllangan sanʼatdagi yangi yo‘nalishlar

Termizlik hunarmandlar shishasozlikda katta mahoratga erishgan edi. Bugungi kunga qadar turli xil shisha idishlar, shuningdek, qirollik taxtining parchalari bo‘lishi mumkin bo‘lgan medalyonlar saqlanib qolgan. Ushbu medalyonlarda issiq oynaga bosilgan bo‘rtma tasvirlar mavjud edi. Ularning birida qochayotgan jonivorga panjasini botirgan yirtqich qush, ikkinchisida ayol, ot va qush suratlari tasvirlangan. Qurolli otliqlar tasvirlangan medalyonlar alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu yerda epigrafika ham qayd etilgan, jumladan, “Mulk” yozuvi tushirilgan medalyonlar. Ushbu medalyonlar o‘sha davr odamlari uchun juda muhim bo‘lgan. Ehtimol, ular kuch va hokimiyatni ifodalash bilan bog‘liq.

 

Bizgacha yetib kelgan o‘rta asrlar sanʼati namunalari Termizni butun O‘rta Osiyo mintaqasi badiiy madaniyatining yorqin markazlaridan biri sifatida tavsiflaydi.