Euronews, BBC va CNN xalqaro telekanallari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida “Oskar” mukofoti sohibi Ben Kingsli ishtirokida suratga olingan roliklar namoyishini boshladi. Bu haqda ISM axborot xizmati ma'lum qildi.

“Maʼrifat aks-sadosi” turkum filmlarida u yurtimizning buyuk daholari — Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy va Amir Temur haqida butun dunyoga hikoya qiladi. Maxatma Gandi, Ibn Sino hamda “Fors shahzodasi” filmida Nizom obrazlarini yaratgan afsonaviy aktyor Sharqning ulug‘ merosi ovoziga aylandi.
“Ma'rifat aks-sadosi" — bu buyuk sivilizatsiyalar ovozidir. O‘zbekiston bugun jahon tamaddunining taraqqiyot yo‘lini o‘zgartirgan buyuk siymolarni dunyoga yana bir bor eslatmoqda. Biz buyuk shaxslar, sivilizatsiyalar va kashfiyotlar haqida — dadil, yorqin va zamonaviy tarzda so‘zlash, dunyoni ilhomlantirish niyatidamiz”, — deydi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov.
Filmlar O'zbekistonning ko'p asrlik merosini zamonaviy multimedia formatida taqdim etib, keng xalqaro auditoriya va ayniqsa yoshlarga tushunarli tarzda aktyorlar ovozida yangraydi. Turkum loyihada, shuningdek, Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Anjelina Joli, Burak Uzchivit kabi jahon yulduzlarining hikoyachi sifatida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
