Afsonalarga ko’ra, palov Ibn Sino tomonidan hunarmandning qiziga uylana olmagan shahzodaning yaralangan yuragini davolash uchun o‘ylab topilgan. Ayni paytda dunyo nigohini o’ziga qaratayotgan birinchi Buxoro biennalesining mavzusi palov tarixiga ishora qilgan holda “Yaralangan yuraklar uchun retseptlar” deb nomlandi.

Biennale O‘zbekiston uchun muhim bo’lgan uch yo’nalish – san’at, hunarmandchilik va gastronomiyani birlashtiradi. Biz esa e’tiboringizni Buxoro tasviriy san'at muzeyida tashkil etilgan “Ovqat manzaralar: Ta'm xaritalari, qalb aks-sadolari” nomli maxsus ko'rgazmaga qaratmoqchimiz.

Ko’rgazma ekspozitsiyasi umumiy dasturxon, taqsimot va mehmondo’stlik atrofida qurilgan. Xalqimizga xos choyxo‘rlik, ziyofat va bayramlar, dalalarda palov pishirish, bozorlar manzaralari aks etgan kartinalar joy olgan. O’zbeklar dasturxon yozarkan, unga birinchi non qo’yadi. Ko’rgazma ham Anna Andreyenkoning "Tinchlik noni" asari bilan ochiladi.

Mehmonga choy berish ham odatlarimizdan. Zokir Inog‘omovning asarida milliy libosdagi kelinning qaynonaga choy uzatayotgan tasviri ana shu an’anani to’la ochib beradi. Nadejda Kashina, Zinaida Kovalevskaya, Fevzi Rajepov singari taniqli rassomlarning asarlarida esa zaminimizning barakali tuprog’i, mo’l-ko’lchilik va tabiat saxovatini his qilish mumkin.

Ko’rgazmaning "Manzaralar" bo‘limida Buxoro va uning boy tarixiga alohida e’tibor qaratilgan. Islom me’morchiligi, tor ko‘chalar, hovlilar, odamlar hayoti bari – o‘ziga xos, ranglar gammasi ham mayin – qum, kulrang va havorang tuslarga kiradi.

Muzey ekspozitsiyasidan video installyatsiyalar ham o’rin olgan bo’lib, ular mumtoz musiqa fonida ko’rgazmadagi asarlar vizualligini oshiradi.

Bu yerda taom madaniy o’zlikning kuchli belgisi – asl ta’m xaritasi, chuqur qalb aks-sadosi sifatida qaraladi.
WOSCU axborot xizmati
