"Temuriylar nasabnomasi": Yer shari ustida turgan Avrangzeb

"Temuriylar nasabnomasi": Yer shari ustida turgan Avrangzeb

Hindistonning Rampur shahridagi Raza kutubxonasida saqlanayotgan O'zbekistonga oid adabiy meros — "Temuriylar nasabnomasi"dagi miniatyuralar turkumi bilan tanishtirishda davom etamiz.

 

Avvalgi maqolalarda Amir Temur saroyi va uning 12 avlodi aks etgan hamda Boburiylarning to'rtinchi vakili Nuriddin Muhammad Jahongir tasvirlangan miniatyuralar bilan tanishtirgandik. Bu gal Boburiylar avlodi – Avrangzeb Olamgir tasvirlangan miniatyuralarga, xususan ramziy portretiga to'xtalamiz.

 

Imperator Avrangzeb taxtda

"Temuriylar nasabnomasi": Yer shari ustida turgan Avrangzeb

Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgir (Avrangzeb fors tilida “taxt ziynati”, Olamgir esa “olamni zabt etuvchi” degan ma’noni anglatadi) 1658-1707-yillarda hukmronlik qilib, Hindiston yarim orolini Islom bayrog‘i ostida birlashtirgan. U fiqh ilmi, arab, turkiy, fors tillari hamda xattotlikni o’rgangan. Uning davrida masjidlar, maktablar, shifoxonalar va hammomlar bunyod etilib, yo‘llar tuzatilib, sayil bog‘lar foydalanishga topshirilgan. U paytda Dehli jahon markaziga aylangan. 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, Avrangzeb Olamgir umri nihoyasida farzandlariga o‘z qo‘li bilan ip yigirib, bozorga yashirin sotib to‘plagan puliga olgan besh rupiyalik kafaniga o‘rab ko‘mishlarini vasiyat qilgan. Shuningdek, unga atab maqbara qurishlarini man qilgan. Farzandlari otasi olamdan o‘tgandan so‘ng, bor-yo‘g‘i 300 rupiyasi bo‘lganligiga guvoh bo‘ladi. 

 

Avrangzebning ramziy portreti

"Temuriylar nasabnomasi": Yer shari ustida turgan Avrangzeb

Bu miniatyurada Avrangzeb Yer shari ustida qilich, nayza va qalqon tutgan holatda tasvirlangan. Yer sharida sher va echki rasmi bor. Yelkasiga yupqa sharf tashlangan, boshi uzra zarrin gardish chizilgan. Yashil fon chetlarida kichik o'lchamdagi askarlar rasmlarini ko'rish mumkin. Tepada bulutlar ustida putti (chaqaloq farishtalar) yotibdi, ulardan biri hukmdor ustidan tilla sochmoqda.

 

Eslatib o'tamiz, "Mirot al-Ashboh Salotini Osmonjoh" (yoki  "Temuriylar nasabnomasi") muallifi — Muhammad Fahriddin Husayn Dehlaviy. Asar Bahodirshoh-2 buyurtmasiga ko‘ra, hijriy 1849-1850-yillarda yozilgan. Suratlar G'ulom Alixon va Bobir Alixon tomonidan chizilgan. Qo‘lyozma 60 ta miniatyurani o‘z ichiga oladi.