Bojxona qo‘mitasi 300 ga yaqin qadimiy tanga va taqinchoqlarni ISMga topshirdi

Bojxona qo‘mitasi 300 ga yaqin qadimiy tanga va taqinchoqlarni ISMga topshirdi

Yaqinda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamiz hududidan 267 dona qadimiy tangalar va taqinchoqlar qismlarini noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga urinish fosh qilingan edi.

 

Ushbu ashyolarning qadimiyligi va qiymatini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 39 dona osma bezak ko‘rinishidagi kumush tangalar XIX asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, 228 ta taqinchoq qismlari esa XIX asr oxiri va XX asr boshlariga mansub deb topildi.

 

Bojxona qo‘mitasi ushbu tanga va taqinchoqlarni Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirdi.

Bojxona qo‘mitasi 300 ga yaqin qadimiy tanga va taqinchoqlarni ISMga topshirdi
Foto: bojxona.uz

“Xizmat faoliyatimiz jarayonida madaniy meros ashyolarini noqonuniy olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olishga harakat qilamiz. Musodara qilingan ashyolar amaldagi tartib va talab bo‘yicha turli muzeylarga topshirilgan. Lekin baʼzi muzeylarda eksponat sifatida odamlarga namoyishga qo‘yilmagan, hatto yerto‘lalarda, sandiqlarda saqlab turilgan holatlarga ham guvoh bo‘lganmiz. Shu sababli ham biz ushbu madaniy boyliklar muzeylar fondida qolib ketmasdan, aynan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida yurtdoshlarimiz eʼtiboriga namoyish qilinishini istaymiz”, dedi Qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov Bojxona qo‘mitasining ushbu tashabbusi va taklifini qo‘llab-quvvatladi.

 

“Haqiqatan ham aksariyat muzeylar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonida ko‘rdikki, juda ko‘p artefaktlar g‘aladonlarda turibdi. Agar Qo‘mita tomonidan ilgari surilgan tashabbus va taklif nuqtai nazaridan mana shu eksponatlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari boyitilsa, ularni xalqimizga, mehmonlarimizga ko‘rsatsak, nihoyatda foydali va samarali ish bo‘ladi. Bu borada Markaz tomonidan alohida Ishchi guruhi tuzilib, Bojxona qo‘mitasi taklif etayotgan eksponatlar, ashyolar katalogini tayyorlaymiz va o‘rganamiz. Chunki har bitta faktning ortida tarix bor. Tarixning ortida esa katta-katta kashfiyotlar bo‘lishi mumkin, - deb taʼkidladi Markaz rahbari.

 

Tadbir doirasida ikkala tashkilot rahbarlari “Bojxona organlari tomonidan ushlab qolingan madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishda o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida” Memorandum imzolandi.

Bojxona qo‘mitasi 300 ga yaqin qadimiy tanga va taqinchoqlarni ISMga topshirdi
Foto: cisc.uz