O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazida “114 Qurʼon qo‘lyozmasi” deb nomlangan keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Unda tarixiy va madaniy jihatdan yurtimizga aloqador 114 ta noyob Qurʼon qo‘lyozmalari o‘rganiladi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
Bu loyihada jahon islom sanʼati tarixida benazir namuna sifatida tan olingan asar — Umar Aqtaʼ tomonidan XIV–XV asrlarda Amir Temur buyurtmasiga binoan yaratilgan ulkan qo‘lyozma Qurʼon nusxasi alohida o‘rin tutadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, xattot Umar Aqtaʼning nogironligi bo‘lgan — o‘ng qo‘li bilakdan pasti yo‘q edi, ammo u chap qo‘lida Qurʼon bitgan. Uning xatlarida harflar keng, tartibi matematik aniqlikda, simmetriya va muvozanatga asoslangan edi.
Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur o‘z saroyi uchun shunday Qurʼon yaratilishini istaganki, u o‘qilganda odamlar hayratdan jim bo‘lib qolsin. Dastlab, Umar Aqtaʼ unga uzuk ko‘ziga joylashadigan darajada kichik musʼhaf hadya qilgan. Ammo Sohibqiron bundan mamnun bo‘lmagan va “Qurʼoni karimni bu qadar kichraytirish Allohning kalomiga munosib emas” deya fikr bildirgan. Shundan so‘ng, Umar Aqtaʼ o‘sha zamon uchun mislsiz hajmga ega Qurʼon musʼhafini bitishga kirishgan. Bu ish nafaqat ruhiy, balki jismoniy jihatdan ham katta mehnat talab qilgan.
Mazkur Qurʼonning har bir sahifasi 1,25 x 2,25 metr hajmga ega bo‘lib, o‘ta katta formatdagi musʼhaf hisoblanadi. Bunday ulkan sahifalarni oddiy odam ko‘tara olmagan — ular maxsus aravalarda Temur saroyiga olib kirilgan. Shunga ko‘ra, baʼzi tadqiqotchilar ushbu musʼhafni “elephantine Qur‘an” (fildek ulkan Qurʼon) deb atashgan.

Nusxa muhaqqaq uslubida, yaʼni rasmiy va o‘qishga qulay xat bilan bitilgan. Qora siyoh, tilla va ko‘k ranglar bilan bezatilgan. Baʼzi sahifalarda sanʼatiy xatolar ham ko‘rinsa-da, ular ataylab qoldirilgan bo‘lib, islomiy anʼanaga ko‘ra “Faqat Alloh mukammaldir” degan g‘oyani anglatadi. Shuningdek, musʼhafning harflari, oyatlar soni va satrlar orasida maxfiy simmetriya va arifmetik nisbatlar saqlangan. Ushbu yondoshuv Qurʼonni nafaqat o‘qiladigan, balki “tomosha qilinishi lozim bo‘lgan” sanʼat asariga aylantiradi.
Ushbu qo‘lyozmaning to‘liq nusxasi saqlanmagan. Ammo uning bir qancha sahifalari dunyo muzeylarida, yirik kolleksiyalarda, jumladan Nasser D. Khalili Islamic Art Collection (London), Metropolitan Museum (Nyu-York), Freer–Sackler Gallery (Vashington), Aga Khan Museum (Toronto)da saqlanmoqda.
Nufuzli “Sotheby‘s” savdo uyi tomonidan o‘tkazilgan auksionda ushbu noyob Qurʼon qo‘lyozmasining bir satri sotuvga qo‘yilgan. Ayni paytda yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi tomonidan uni O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.