O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari F.Abduholiqov boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga rasmiy safari rejalashtirilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati xabar berishicha, tashrif doirasida delegatsiya aʼzolarining Londondagi yirik kolleksionerlar va madaniy meros sohasida faoliyat yuritayotgan taniqli shaxslar — Saruxani, Xaliliy, Bilol Sudchi, Dovudshoh kabi dilerlar bilan uchrashuvlar belgilangan.
Safarning asosiy maqsadlaridan biri yurtimizga oid qimmatli tarixiy artefaktlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
Shuningdek, Sotheby‘s va Christie‘s kabi nufuzli auksion uylari orqali xarid qilingan eksponatlar ishtirokida Londonda maxsus ko‘rgazma o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ko‘rgazmada O‘zbekiston tarixiga daxldor 80 dan ortiq noyob artefakt namoyish etiladi.

Bu kabi xalqaro hamkorliklar O‘zbekistonning madaniy merosini tiklash va uni jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va davlat siyosatida madaniy merosga qaratilayotgan eʼtibor tufayli tarixiy boyliklarimizni qaytarish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xalqaro nufuzga ega Sotheby‘s va Christie‘s auksion uylari har bir eksponatning haqiqiyligi va tarixiy qimmatini tasdiqlovchi jahon standartlariga muvofiq ekspertiza tizimiga ega bo‘lib, xarid qilingan har bir artefakt uchun besh yillik kafolat taqdim etadi.
Avvalroq mazkur delegatsiya joriy yilning 25-aprelidan 2-mayiga qadar Buyuk Britaniyaga tashrif buyurib, auksion uylari bilan tanishgan va O‘zbekiston madaniy merosiga oid 60 ga yaqin lot saralab kelgan, shuningdek, kolleksiyanerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.