Buxoro xonligi arxitekturasiga oid toqilarni vizual ko‘rish imkoniyati yaratiladi

Buxoro xonligi arxitekturasiga oid toqilarni vizual ko‘rish imkoniyati yaratiladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etiladigan "O‘zbek xonliklari davri ekspozitsiyasi"da toqi va timlarning maketlarini yaratish, ularni ekspozitsiyalarda namoyish etish va ular orqali o‘sha davr hayotini vizual va ilmiy jihatdan keng yoritish rejalashtirilmoqda.

 

XVI asrda Markaziy Osiyoning tarixiy, siyosiy va madaniy markazlaridan biri sanalgan Buxoro xonligida shaharsozlik va meʼmorchilik sohalari jadal rivojlangan. Shu davrda Shayboniylar sulolasi hukmronligi ostida qurilgan arxitektura yodgorliklari, ayniqsa savdo, hunarmandchilik va ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan inshootlar nafaqat o‘z davrida muhim ahamiyat kasb etgan, balki bugungi kunda ham tarixiy, madaniy va turistik qiymatini saqlab kelmoqda.

 

Shunday inshootlardan biri toqilardir. Ular meʼmoriy jihatdan noyob, funksional jihatdan esa o‘z zamonasining iqtisodiy markazlari sifatida faoliyat yuritgan.

 

Toqilar — ko‘priksimon yopiq inshoot bo‘lib, ularning tag qismida turli do‘kon, ustaxona va savdo nuqtalari joylashgan. Ular aholi va sayohatchilar harakati uchun qulay bo‘lgan joylarda — yo‘l kesishmalarida, bozor maydonlari yaqinida qurilgan. Qisman yoki to‘liq yopiq shaklda qurilgan mazkur arxitektura ansambllari turli sohalarga ixtisoslashgan hunarmand va tijoratchilar faoliyati uchun xizmat qilgan. Har bir toqi o‘ziga xos meʼmoriy uslubda, qo‘lda yasalgan g‘ishtlar, gumbazlar va rang-barang naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, bugungi kunda ham o‘sha davr estetikasini o‘z ichiga oladi.

Buxoro xonligi arxitekturasiga oid toqilarni vizual ko‘rish imkoniyati yaratiladi