Qo‘qon xoni devonining faksimile nusxasi tayyorlanadi

Qo‘qon xoni devonining faksimile nusxasi tayyorlanadi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yana bir muhim ilmiy-medialoyiha – “Amir Umarxon davrida ijod qilgan adiblar”, shuningdek uning devoni faksimilesini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

 

Amir Umarxon Qo‘qon xoni bo‘lishi bilan birga shoir sifatida ham ijod qilgan. U Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni o‘ziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini o‘rgangan, ularga ergashib ijod qilgan, g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va o‘ynoqi vaznlaridagina yozilgan bu sheʼrlarning barchasi ishqu muhabbat mavzuida.

 

O‘zbek va fors-tojik tilidagi sheʼrlarini to‘plab, devon tartib bergan. Devon g‘azal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrni o‘z ichiga olgan. Uning ijodiy merosini chuqur o‘rganish nafaqat tarixiy haqiqatlarni tiklash, balki bugungi maʼnaviy hayotimizni yana-da yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Mazkur medialoyiha orqali Amir Umarxon (1787–1822) hukmronligi davrida yashab ijod qilgan adiblar, ularning ilmiy-maʼnaviy faoliyati, asarlari va tarixiy ahamiyati chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, o‘sha davrga oid yozma manbalar, tarixiy hujjatlar, qo‘lyozmalar va boshqa daliliy asoslar tadqiq qilinadi. Natijada ilmiy ishlanmalar tayyorlanib, ular asosida Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi boyitiladi.

 

Bundan tashqari, loyiha doirasida multimediyaviy kontentlar – video lavhalar, maqolalar, infografikalar va ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus materiallar tayyorlanadi. Bu esa jamoatchilikka, xususan, yosh avlodga Amir Umarxon davridagi adabiy muhitni yana-da yaqinroq tanishtirish imkonini beradi.