Buxorolik buyuk olim va tabib Abu Ali ibn Sino jahon tibbiyotining rivojlanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Uning asosiy asari – “Tib qonunlari” o‘rta asrlarda tibbiyotning eng nufuzli ensiklopediyalaridan biri sifatida tan olingan va Yevropa universitetlarida o’qitilgan.
Bu merosning eng nodir yodgorliklaridan biri Italiyaning Bolonya kutubxonasida saqlanayotgan “Qonun”ning ivrit (yahudiy) tilidagi tarjimasidir. XIII asrga oid ushbu qo‘lyozma islom olami ilm-fani va o‘rta asrlar Yevropasi o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi. U tufayli buyuk olimning asarlari lotin, keyinchalik italyan tibbiyotchilariga yetib bordi.
Ibn Sino "Qonun"da 760 dan ortiq dorilarni tavsiflagan, tashxis qo‘yish va davolash tamoyillarini tizimlashtirgan, tibbiy etika asoslarini yaratgan. Uning organizmga yaxlit tizim sifatida yondashuvi zamonaviy tibbiyotning ko‘plab g‘oyalarini oldindan aytib berdi.
Qo‘lyozmaning Bolonyada saqlanishi O‘zbekiston zaminida tug‘ilgan ilm jahon sivilizatsiyasi mulkiga aylanganining yorqin dalilidir. Bugungi kunda Ibn Sino asarlari butun dunyo olimlari va shifokorlarini ilhomlantirishda davom etmoqda.

Material "O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida" (32-jild, "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumi) kitobi asosida tayyorlandi. Kitob-albom World Society for the Study, Preservation and Promotion of the Cultural Legacy of Uzbekistan (WOSCU) xalqaro loyihasi doirasida chop etilgan. Kitob bilan kutubxonalar, muzeylar va loyihaning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin: www.woscu.org .
WOSCU аxborot xizmati