Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan. Markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi  me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi.

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi:

“Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi”.

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev Markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi. Prezident mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lumot uchun: Islom sivilizatsiyasi markazi Prezidentning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.

                                                                                                                                                                                            WOSCU axborot xizmati