Mirzo Ulug‘bekka tegishli nodir kosa Britaniya muzeyida saqlanmoqda

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

Mirzo Ulug‘bekka tegishli nodir kosa Britaniya muzeyida saqlanmoqda

Buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekka tegishli yashil nefritdan yasalgan kosa Britaniya muzeyining eng qimmatli eksponatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu kosa Samarqandda ishlab chiqarilgan bo‘lib, uni o‘rta asrlar Sharq sanʼatining durdonasi deb atash mumkin.

Britaniya muzeyidagi №1959,1120.1 raqam ostida saqlanayotgan bu kosa 1420–1449-yillarda Samarqandda yaratilgan. Kosa oval shaklga ega bo‘lib, hajmi 200-250 ml. U haqida qadimda nefrit idishlar zaharli suyuqlikni aniqlay olishi haqidagi afsonalar mavjud.

Mazkur kosa Sharqiy Turkistonning Xo‘tan yaqinidagi Kunlun tog‘idan keltirilgan nefrit toshidan ishlangan. Olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek ushbu materialni qadrlagani maʼlum: Sohibqiron Amir Temur maqbarasi ustidagi tosh ham aynan nefritdan yasalgan.

Kosa qanday qilib Britaniya muzeyiga kelgani aniq emas. Ayrim manbalarga ko‘ra, u Mirzo Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan Turkiyaga olib kelingan. Ali Qushchi o‘z ustozining ilmiy merosini davom ettirish uchun Istanbulga kelgan va ehtimol bu kosani yodgorlik sifatida olib ketgan.

Kosa haqida ilk bor ingliz olimlari Ralf Pinder-Uilson va Uilyam Uotsonlar ilmiy maʼlumot bergan. Hozirgacha u dunyoning bir qancha yirik ko‘rgazmalarida, jumladan Xitoy, AQSH, Kanada va Avstraliyada namoyish etilgan.

Bu nodir kosa o‘rta asrlar Sharq sanʼatining yuksak darajasini va buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug‘bek merosining bebaho ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.