Zamirida meʼmorchilik yotgan mis buyumlar

Mis kandakorli sanʼati eng qadimiy sanʼat turidan biri hisoblanadi, ommalashishi jihatidan kulolchilikdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Ko‘p asrlik anʼanalarga ega bo‘lgan ushbu hunarmandchilik turi O‘zbekiston hududida azaldan turli xil mahalliy maktab va markazlar doirasida rivojlanib kelgan. Bajarilish texnikasiga ko‘ra mis va jezdan yasalgan buyumlar quyma va kandakori turlariga bo‘lindi. Bunday mahsulotlarning mahalliy o‘ziga xosligi, asosan, bezaklarning naqshinkorligida ko‘proq namoyon bo‘ladi.

Kandakor ustalar o‘z ishlarida asosan islimiy va handasaviy naqshlardan, baʼzan esa hayvonot dunyosi bilan bog‘liq motivlardan foydalanib kelishgan. Geometrik naqshlar asosan yirik hajmli bezaklarning konturini belgilash uchun xizmat qilgan. Ularning aksariyati zamirida meʼmorchilik sohasi bilan bog‘liq tushunchalar yotadi, masalan, g‘isht, mehrob – tokcha, zanjir kabi bezaklar bunga misol bo‘la oladi. Fonga ishlov berishda kichik shtrixli chiziqlar, egri-bugri chiziqlar, shuningdek, gorizontal va vertikal chiziqlar keng qo‘llaniladi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
 

Zamirida meʼmorchilik yotgan mis buyumlar