Islimiy shakllar va tasvirlar do‘ppi yon qirralari bo‘ylab bir maromda chirmashuvchi, egiluvchi, aylanuvchi hamda ko‘tariluvchi, to‘kiluvchi va yana ko‘tariluvchi gullar, poyalar, yaproqlar, mevalardan hosil qilinadi. Shuningdek, gulsapsar, chinnigul, lola, gultojixo‘roz, olma, anor, olcha, gilos, bodom, qalampirning nozik gullaridan xam foydalanilgan. Ko‘pincha o‘simliksimon shakllar handasaviy uslubda ham chizilgan.
Do‘ppilardagi o‘simliklar – kuch, sog‘liq, boylik uchun tabiatga murojaat ramzidir. Do‘ppi ustki qismidagi to‘rtta gul to‘rt tomondan erkaklar salomatligini himoya qilgan. Chetlari bo‘ylab o‘n oltita gul – katta oilaga ega bo‘lish istagini (kamida 16 bola) anglatgan. To‘lqinsimon chirmoviq poyalari boylik va yashovchanlikni anglatadi. Bodom tasviri hosildorlik uchun “masʼul” bo‘lgan. Qalampir deb nomlanadigan, bodom naqshiga nisbatan nozikroq va cho‘zinchoqroq shakllar o‘ziga xos tumor vazifasini bajargan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

