"Dunyo": Britaniya kutubxonasiga "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar topshirildi

"Dunyo": Britaniya kutubxonasiga "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar topshirildi

Tadbirda O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov, Britaniya kutubxonasining amaliyotlar bo'yicha direktori Jas Rai va boshqalar ishtirok etdi.

O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan 50 jildlik "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarni Britaniya kutubxonasiga topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov, Britaniya kutubxonasining amaliyotlar bo'yicha direktori Jas Rai va boshqalar ishtirok etdi. Ishtirokchilarga har bir adabiyot to'g'risida qisqacha ma'lumotlar, shuningdek, maxsus sertifikat taqdim etildi.

Elchi Britaniya kutubxonasining amaliyotlar bo'yicha direktori Jas Rai bilan alohida uchrashuv o'tkazdi.

Britaniya tomoni taqdim etilgan kitob-albomlar kutubxonaning muhim va nodir asarlar to'plamlaridan joy egallashiga umid bildirdi.

"Britaniya kutubxonasi O'zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor", - dedi Jas Rai.

Muloqot chog'ida, shuningdek, Britaniya kutubxonasi ko'magida O'zbekiston kutubxonalarini samarali boshqarish va ikki mamlakat kutubxonalari o'rtasida doimiy hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilingan.

London shahrida joylashgan Britaniya kutubxonasi dunyodagi eng yirik ilmiy kutubxonalardan biri sanaladi. Kutubxonada 200 milliongacha bo'lgan kitoblar, qadimiy qo'lyozmalar va noyob adabiyotlar fondi saqlanadi.

Mazkur tuzilma Buyuk Britaniya Madaniyat, OAV va sport vazirligi homiyligidagi xususiy davlat tashkiloti hisoblanadi. Uning fondlarida miloddan avvalgi 2000-yilga oid qadimiy qo'lyozma va buyumlarning katta zaxiralari mavjud. Unga har yili 1,5-2 million kishi tashrif buyuradi.