Zardo‘zlikda nechta usullar va mujassamot turlari bor?

Zardo‘zlikda nechta usullar va mujassamot turlari bor?

Zardo‘zlik uslubi ustalarning ko‘plab avlodlari tomonidan ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan.

 Naqsh tikish jarayoni mato ustiga parallel qatorlarga oltin va kumush iplarni qo‘yish va ularni ipak yoki paxta iplari bilan mahkamlab tikishdan boshlanadi.

Tikishning asosan ikki usulidan foydalaniladi: zardo‘zi-zamindo‘zi (yaxlit) va zardo‘zi-guldo‘zi (gulli). Zardo‘zi-zamindo‘zi usulidan foydalanilganda, zamin butunlay zarhal kumush bilan tikiladi, zar iplar yupqa chilvirdan tayyorlangan to‘shama ustiga qo‘yiladi. Zardo‘zi-guldo‘zi usuli XX asr boshlarida rivojlangan. Naqsh unsurlari qalin qog‘oz, kartondan, kamdan kam hollarda charmdan kesilib, mato ustiga qo‘yiladi va chambaraklarga tarang tortilib, zarhal yoki kumush iplar qoplanadi.

Asrlar davomida zardo‘zlik sanʼatida asosiy uchta – davqur, butador va darxam mujassamot turlari shakllangan. Davkur mujassamotida naqshinkor zardo‘zi hoshiya kur bezak uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Butador butun markaziy maydonga bir-biri bilan muayyan masofadagi alohida shoxchalar yoki boshqa naqshlar tikilishi bilan ajralib turadi. Darham mujassamoti markaziy maydonidagi bezak o‘zida uzluksiz naqshni aks ettiradi. Uning sirti yigirilgan zarhal ipli ingichka chilvir – tahrir (hoshiyalash) yoki bir-biriga ulangan mayda aylana halqa ko‘rinishidagi iplar – kobuli uslubida tikib chiqiladi. Tikilgan hoshiya kiyim-kechak va yirik bezak buyumlarda har ikki tomondan ensiz to‘lqinsimon chiziqlar – obi poncha bilan bezatilishi shart bo‘lgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
Zardo‘zlikda nechta usullar va mujassamot turlari bor?Zardo‘zlikda nechta usullar va mujassamot turlari bor?