
Naqshlarning bejirimligi, ishning nozikligi va beqiyos naqsh ijodkorligi zardo‘zlikning dunyoga mashhur bo‘lishiga olib keldi. Hozir bu hunar bilan asosan ayollar mashg‘ul. Xuddi ko‘p yillar muqaddam bo‘lganidek, ular mahsulotni hamon qo‘lda tikadilar. Hoh bu do‘ppi yoki devoriy namoyon, poyabzal yoki chopon – har bir buyum haqiqiy sanʼat asaridir.
Usta ishlatadigan asosiy ashyo bu tilla suvi yuritilgan ensiz va yupqa metall ip yoki ko‘p hollarda ipak yoki qog‘oz ipga zich o‘ralgan, zarhal bilan qoplangan ingichka yassilangan kumush simdan iborat kalebatun metall iplaridir. Metall iplar bilan bir qatorda rangli eshilgan yoki eshilmagan ipak, baxmal va ipak applikatsiyalar, zarhal iplardan tayyorlangan va oltin taqinchoqlarga taqlid qilingan qubba yoki qubba olmasi bo‘rtma to‘pbarggul naqshlari ishlatilgan. Kashta qizil, ko‘k, binafsha, malinarang kabi to‘q tusli ranglardagi baxmalga tikilgan. Baxmalning mayin chuqurligi zardo‘zi kashtalarning dekorativ taʼsirini oshiradi. Materialning o‘ziga xosligi, kashtado‘zlik usuli, bezakning tuzilishi, uning bezak va ranglar yechimi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi va yaxlit uyg‘un tasvirni hosil qiladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
