
Bolaliktepa, Varaxsha, Afrosiyob (VI–VIII asrlar) saroylari devoriy suratlarida zarbof kiyim kiygan odamlar tasvirlangan. 1403–1406 yillarda Amir Temur saroyida bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘zining kundaligida, shohona ziyofatda qatnashgan Amir Temurning xotini Saroy Mulk xonimning zarbof libosi haqida eslatib o‘tadi. XIX asrning oxiriga qadar zardo‘zlik anʼanalari Buxoro amiri saroyida saqlangan. Tantana kiyimlari, bosh kiyimlar, poyabzallar, otda yurish anjomlari zardo‘zi kashtalar bilan bezatilgan.
Zardo‘zlik hunari bilan faqat erkaklar shug‘ullangan. XX asr boshlarida zardo‘zlik buyumlari Samarqand, Urgut, Toshkent, G‘ijduvon va boshqa shaharlarda ishlab chiqarila boshladi. Naqshlarning bejirimligi, ishning nozikligi va beqiyos naqsh ijodkorligi zardo‘zlikning dunyoga mashhur bo‘lishiga olib keldi.
Hozir bu hunar bilan asosan ayollar mashg‘ul. Xuddi ko‘p yillar muqaddam bo‘lganidek, ular mahsulotni hamon qo‘lda tikadilar. Hoh bu do‘ppi yoki devoriy namoyon, poyabzal yoki chopon – har bir buyum haqiqiy sanʼat asaridir.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.