
Gilam naqshlari asosan handasaviy va islimiy bo‘lgan. Har bir naqsh qadimiy eʼtiqodlarga binoan o‘zining maʼno va ahamiyatiga ega. Shuning uchun gilamlardan qizlarni unashtirish, motam hamda dafn marosimlari, namoz o‘qish, farzandning dunyoga kelishi va boshqa hollarda foydalanilgan.
Har bir gilam markaziy maydon va hoshiyadan iborat. Hoshiyalar ingichka yoki keng, bitta yoki bir-biridan maxsus unsurlar bilan ajratilgan ikkita yoyli bo‘lishi mumkin. Keng hoshiyalar ikki tomondan mag‘iz bilan o‘ralgan. Hoshiyalar ham handasaviy yoki islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Gilamning markaziy qismida gyolli bezaklar deb nom olgan qator turunjlar-gyollar yoxud diagonal yoki ko‘ndalang yo‘llardan iborat bo‘lgan.
Hammasidan ko‘ra ko‘proq hoshiyasidagi naqshlari ilmoqsimon ko‘rinishdagi pog‘ona qirrali turunj-gyol, turli xochsimon turunjlar, sakkizburchakli yulduzlar, romblar, uchburchaklardan iborat. Gilam bezagidagi shoxlar totem eʼtiqod bilan bog‘liq bo‘lgan. «Hayot daraxti» – abadiy umr va baraka ramzi. Panjara shaklidagi unsur olov, o‘choq maʼnosini anglatgan. Shuningdek, o‘g‘uz va dashti qipchoq urug‘lari tamg‘alari bilan bog‘liq, qushlarning uslublashtirilgan tasvirlari ham mavjud. Ko‘pincha bu turk qabilalari totemi – yirtqich ovchi qush ramzi bo‘lmish tirnoq naqshidir.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
