Anʼanalar cho'qqisida: Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida oʻzbek pichoqlari koʻrgazmasi

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

Anʼanalar cho'qqisida: Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida oʻzbek pichoqlari koʻrgazmasi

O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida pichoqlar va qinlar alohida kolleksiyaga biriktirilgan.

Anʼanalar cho'qqisida: Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida oʻzbek pichoqlari koʻrgazmasi

O‘zbek pichoqlari juda ham o‘ziga xos bo‘lib, ularda tashqi ko‘rinish badiiy xususiyatlari hamda funksionallik uyg‘unlashib ketgan. Pichoqlarni ishlab chiqarish uchun har doim yuqori sifatli po‘latdan foydalaniladi. Pichoq tig‘ining toblanishi va jilo berilishiga alohida ahamiyat beriladi. Qoidaga ko‘ra, uning tig‘i to‘g‘ri, baʼzan esa xuddi tolning bargidek egilgan bo‘ladi, uzunligi esa maqsadiga qarab o‘n santimetrdan yigirma santimetrgacha bo‘ladi. Ular hech qachon dudama (ikki tomoni tig‘li) bo‘lmaydi, o‘ymakorlik uslubida yoki zarb qilingan naqshlar bilan bezatiladi. Ayrim pichoqlar tig‘ining yuqori chetida kichik ariqcha bor. Qattiq yog‘ochdan, suyak yoki shoxdan, oddiy plastmassadan yoki organik oynadan yasalgan dastasi silliq yoki qovurg‘ali bo‘lishi mumkin. Uning bezatish uchun marvarid, kumush yoki rangli oynalar ishtirokidagi qadama naqsh, zarb berib yoki o‘ymakorlik bilan ishlangan bezaklardan foydalanishgan. Qinbog‘larni ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo sifatida bosma naqshli, applikatsiyali va kashta uslubida bezatilgan teri va soxta charmdan foydalanilgan. 

Muzeydagi o‘yma naqsh bilan bezatilgan metall qinbog‘li Xiva pichoqlarining namunalari alohida badiiy ahamiyatga ega va noyob. Ko‘p asrlik anʼanalarga rioya qilgan holda, hunarmandlar o‘z mahsulotlarini pichoqning butun qismi bo‘ylab, dastasining bandidan tortib to tig‘ining uchiga qadar bir qator joylashgan bezaklar bilan boyitishgan. O‘yma naqsh berilgan bezaklar chizmalarining puxtaligini Xorazm zargarlari sanʼati bilan taqqoslasa bo‘ladi. 

Qadim zamonlardan buyon, hozir shahar maqomidagi Chust qishlog‘ining hunarmandlari o‘zlarining pichoqlari bilan mashhur bo‘lib kelishgan. Ularning mahsulotlari yuqori sifati, nafisligi va shakliy mutanosibligi bilan dovrug‘ qozongan. Tutqichlari hayvonlarning shoxidan yoki plastmassadan yasalib, murakkab guldor naqshlar bilan bezatilgan chust pichoqlari Muzey kolleksiyasidan munosib o‘rin egallagan. Pichoqlar Chustdan tashqari vodiydagi qo‘shni Andijon, Shahrixon, Qo‘qon va boshqa shaharlarda ham ishlab chiqariladi. Toshkentlik usta A. Nishonov tomonidan tig‘ining ustiga islimiy uslubidagi naqshlar o‘yib tushirilgan pichoqlar ham juda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, uning pichoqlaridagi dastalar o‘ziga xosdir. Ulardan bittasining uch tomonida tog‘ echkisining boshi aks ettirilgan. Yana bir pichoq esa g‘ilofiga solingan holatida qizil-kiymishek nomli qadimiy to‘y libosi va baland bosh kiyimi saukele kiygan qoraqalpoq qizining qiyofasini yodga soladi. Bezaklar marjonli munchoqlar bilan boyitilgan. 

Shahrixon hunarmandlari tomonidan kumushni qoraga bo‘yab yasalgan pichoqlar o‘ta noyob sanaladi: ularning dastalarida sher, qoplon, qo‘zichoq va islimiy naqshlar tasvirlangan. Dastalari va qinlari sariq misdan yasalgan. G. Mutalipov xanjari dastasining bosh qismida maʼlum uslubga solingan burgutning boshi tasvirlangan va bu o‘z o‘rnida uning “Burgut” xanjari nomini olishiga sabab bo‘lgan. Dastasi va qini o‘yma va bosma naqshlar bilan bezatilgan. Naqshlari – islimiy. Bezaklarida qizil va yashil ranglardagi plastik ko‘zmunchoqlardan foydalanilgan. A. Qosimov tomonidan ishlangan qilich tig‘ida bir-biriga qarab o‘kirayotgan ikki sher tasvirlangan. T. Hakimov yasagan qilich tig‘ida esa burgut va quyon tasviri o‘yilgan. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi" turkumidagi “O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi to'plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.