
Mazkur yodgorlik noyob me’moriy inshoot hisoblanadi.
Mutaxassislardan Y. G‘ulomov interyerdagi bitiklar bilan hali 1933 yildayoq tanishib chiqqan edi. Keyinchalik, 1942 yilda yodgorlik M. Masson va G. Pugachenkovalarning tadqiqotiga aylangan, jumladan, ular shunday yozgan edi: «Daxma bir kishini dafn etish uchun mo‘ljallangan, o‘zining qat’iy tusdagi ko‘rkamligi va g‘ayriodatiy hashamdorligi bilan kishini lol qoldiradi».
Devoriy bitiklar suls xatining turli uslublarida yozilgan va Qur’oni karimdan olingan iqtiboslarni o‘zida ifoda etadi. Bitik daxmaning g‘arbiy ravog‘ida boshlangan va boshqa ravoqlarda ham davom etadi. «Fotiha», «Mulk» suralari va «Baqara» surasining 255-oyati – «Oyat ul-Kursiy», shuningdek, marhumlar haqiga o‘qiladigan mashhur duolar, Qunut duosi, Allohning go‘zal ismlari identifikatsiya qilindi. Shuningdek, bu kabi yodgorlik uchun odatiy bo‘lgan Allohni madh etuvchi «Tamjid» kalimasi – «Allohning aybu nuqsoni yo‘qdir. Va maqtov Allohgadir. Allohdan o‘zga sig‘iniladigan (iloh) yo‘qdir! Alloh ulug‘dir» bitilgani ham aniqlandi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.
