WOSCU Samarqand bo’ylab kitob ulashmoqda

Oʻzbekiston tarixi muzeyidagi qurollar kolleksiyasi

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ХVI–ХХ asrlarga oid salmoqli qurollar kolleksiyasi saqlanadi.

Oʻzbekiston tarixi muzeyidagi qurollar kolleksiyasi

Sovuq qurollar orasida qilich, xanjar, shamshir, bolta, nayza, jangovar oybolta namunalari bor. Ular Xiva, Buxoro, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Dog‘iston, Rossiya va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan.

O‘qotar qurollar orasida mahalliy qurolsoz ustalar tayyorlagan – O‘rta Osiyo miltiqlari, to‘pponchalar bor. Ularning feruza, marjon, sadaf qadalgan suyak qoplamali alohida qismlari ham kumush, zarhal bilan bezalgan. Ba’zi birlarida sohibi va ustaning nomi arabcha harflarda yozilgan. Miltiqqa o‘rnatilgan keng og‘izli juda uzun stvol hamda miltiq qo‘yiladigan ayri uchli yog‘och tirgak O‘rta Osiyo qurollarining o‘ziga xos xususiyati hisoblangan. Mahalliy qurollar bilan birga Afg‘oniston, Rossiya, G‘arbiy Yevropa va boshqa namunalar ham mavjud.

Muzeyda mudofaa yarog‘-aslahalari: charm va metalldan yasalgan zirhlar, sovutlar, dubulg‘alar, qalqonlar saqlanadi. Muzeydagi qalqon namunalari qo‘tos terisidan tayyorlangan bo‘lib, qora rangga bo‘yalgan, XVI asr miniatyuralarida tasvirlangan qalqonga o‘xshab ketadi, sovut namunalari esa XVI asrda Samarqand ustalari tayyorlagan sovutlarga juda yaqin. Tik yoqali va kalta yengli ko‘ylak ko‘rinishidagi sovutlar yengillik, qayishqoqlik bag‘ishlovchi bir biridan o‘tkazilgan temir xalqalardan iborat bo‘lib, jangchiga bemalol harakatlanish imkonini bergan. Muzey fondidagi sovuq va o‘qotar qurollar hamda aslahalar soni 327 tani tashkil etadi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.