O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati ushbu san’at tarixini o‘rganishga, uni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Muxbirimiz Elyor Go‘ro‘g‘liyev mavzuni davom ettiradi.
Qur’oni Karimning Usmon nusxafini yetti marta ko‘chirgan xattot Habibulloh Solih nafaqat kitobotchi xattotlar balki, islom olamida ham taniqli shaxs hisoblanadi. Uning kolleksiyasida hozir ham o‘zi tomonidan ko‘chirilgan bir necha Qur’oni Karim nusxalari bo‘lib, ayrim sahifalari tilla yordamida zeb berib ishlangan. Xattot inson necha yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar ilm o‘rganishi kerakligini, Yurtga nafi tegadigan insongina kamol topishini ta’kidlaydi.
Habibulloh Solih: "Abdulla Avloniy bobomiz aytganlar-ku, topar ilm ila odam o‘g‘li kamol, yeturmas kamola jamol ila mol. Bobolarimiz ta’kidlar edi, o‘qigan o‘zar, o‘qimagan to‘zar. Ilm olishga hamma imkoniyatlar eshik keng ochilganligi uchun, yoshidan qat’iy nazar ilm olsalar, yagona najot ilm deb,- ajdodlarimiz ta’kidlagan".
Yillar davomida yurtimizdagi ko‘plab tarixiy obidalarga yozilgan bitiklarni tiklashda jonbozlik ko‘rsatgan Habibulloh Solih hozir ham doimiy izlanishda. "Xattotdan yuksak mahorat, bilim va ko‘nikmadan tashqari, sabr-toqatli bo‘lish ham taqozo etiladi" - deydi u. Vaholanki, bugungi yoshlar smart olamga ko‘proq ko‘ngil qo‘ygan, virtual hayotda kezilmaydigan odamlar kamdan kam uchraydi. Shunga qaramasdan, xattotlik san’ati kabi mashaqqatli faoliyatni boshidan tutayotganlar ham ko‘p deydi xattot.
Habibulloh Solih: "Qaynar buloq ko‘z ochdiga qiyoslangandek, hamma sohada o‘zgarishlar va ilg‘orliklar namoyon bo‘lyapti . Hamma ish ham masalan, mehnat-u mashaqqat tufayli amalga oshadi-da. Faqat bitta sohani qiyin deb bo‘maydi, qiyin narsani o‘zi yo‘q. Hozirgi kunda shogirdlarimiz, Xudoga shukr, son-sanoqsiz, hattoimki, xattotlik, islomlik kaligrafiy deb YUNESKO tashkiloti 21-yil ro‘yxatga olgan. Xalqaro ma’naviy meros xotira ro‘yxatiga o‘nligiga kiritildi degan so‘z bu juda katta e’tibor".
O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar mazkur kitob albomning ko‘plab seriyalari O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan nashr etildi. Mazkur jarayonda xattot Habibulloh Solih ham faol ishtirok etdi. Uning fikricha, bunday kitob albomlar nafaqat xattotlarni izlanishga chorlaydi, balki boy tariximizni chuqurroq o‘rganishga, tarixiy faktlarga oydinlik kiritish va madaniy merosimizni kelgusi avlodlarga ham yetkazishga xizmat qiladi.
Habibulloh Solih: "Yodgorlik obidalarida epigrafik yozuvlar degan albom. Xorijiy mamlakatlarga ham bizda ma’naviy meroslarimiz naqadar buyuk ekanligini ko‘rsatuvchi bir omil hisoblanadi. Mana yoshlarimiz buni ko‘rib, qanday buyuk bir ajdodlarimiz o‘tganligi, hamma sohalarda, ham san’atda, ham madaniyatda, ham bunyodkorlikda ekanliklarini dars beruvchi qo‘llanma hisoblanadi. Firdavs Abduxoliqov og‘amizni mehnatlari tufayli haqiqqatdan ham ajdodlarimiz asrlar davomida mehnati singan qo‘lyozmalar bugungi kunda butun dunyo xazinalaridan keltirilyapti. Asl nusxa qo‘lyozmalariyam, elektron nusxalariyam uni son sanog‘i juda ko‘p".
Aytish joizki, Butunjahon jamiyati jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida O‘zbekiston madaniy merosini asrab avaylash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jarayonda esa Habibulloh Solih singari ustozzoda xattotlarning ham o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Elyor Go‘ro‘g‘liyev, Bobur Yo‘ldoshev Zamon axborot tahliliy dasturi uchun.