Bobur sur'atlarda qanday tasvirlangan?

Bobur sur'atlarda qanday tasvirlangan?

Hozirgacha Boburning hayotlik davrida ishlangan portret suratlari bor-yo‘qligi nomaʼlum.

Bobur sur'atlarda qanday tasvirlangan?

Bobur siymosini biz hammamizga maʼlum bo‘lgan qizil sallada, bog‘da mutolaa bilan mashg‘ul holati aks etgan miniatyura orqali tasavvur qilamiz. Ushbu miniatyura ayni paytda London kutubxonasida saqlanadi.

Portret 1610-1615 yillar oralig‘ida Boburning nevarasi Jahongir davrida yaratilgan. Suratda Bobur Mirzo bog‘da, ariq bo‘yida kursi ustida o‘tiribdi. Bobur XVII asrdagi Markaziy Osiyo-Hindiston anʼanalariga mos tasvirlangan. Suratda hukmdorning qulog‘idagi sirg‘a kishining eʼtiborini tortadi. Chunki, o‘rta asrlarda, Movarounnahr va Xurosonda turkiy hukmdorlar sirg‘a taqishgani haqida maʼlumotlar uchramaydi. Bu surat Bobur vafotidan taxminan bir asr keyin chizilganini hisobga olsak, bu davrda hind miniatyuralarida sirg‘a taqqan hukmrdorlar tasviri keng tarqalgan.

Aslida sirg‘a taqish qadimgi turkiylarga xos odat sanalgan. Xususan, Panjakentdan topilgan devoriy suratlarda turkiy qiyofali jangchilar sirg‘a bilan tasvirlanganini ko‘ramiz.

Boburning keyingi avlodlari – Jahongir, Akbar, Avrangzebning  miniatyuralarida ham ular qulog‘ida sirg‘a bilan tasvirlanganini ko‘ramiz. Nomaʼlum musavvir ushbu anʼanaga xos ravishda Boburni ham shu ko‘rinishda tasviralagan bo‘lishi mumkin.