
Qayd etish kerakki, bu ustundagi matn handasaviy ornamentlar bilan bir-biridan ajratilgan cho‘zinchoq oltiqirra shakllar – musaddas ko‘rinishidagi kitobalar ichiga olingan. Matn o‘ng toq ustunning poydevor qismidan boshlanib, deyarli uning butun balandligi darajasiga qadar yuqorilab boradi. Har bir toq ustunda, basharti, toq ustunning yuqori va quyi qismlarida qisman yo‘qolgan ikkita kitobani hisobga olmaganda, bir xil matn yozilgan kitobalar o‘n marta takrorlangan. Biroq, shu narsa shubhasizki, kitobalar bir necha barobar ko‘proq bo‘lgan, negaki katta arka qanosi buzilib ketganligi tufayli bitiklarning salmoqli qismi yo‘qolgan edi. Mazkur sentensiya bitilgan kitobalarning bir qismi sharqiy toq ustunning bosh fasadida saqlanib qolgan, bu yerda u ana shu toq ustunning simmetrik yuzasi bo‘ylab pastlab boradi (chap toq ustunga kelib taqaladi) va poydevor tepasida yakunlanadi. Matn ko‘k-kobaltsimon fonda oq rangdagi harflar bilan suls xatida bitilgan.
Quyida aynan shu matnda nima ifodalangani keltirilgan: العدل اساس الملك و شعار الملوك Yaʼni: “Adolat – davlat asosi va podshohlar shioridir”.
Ana shu bitiklarning yuqoridagi pog‘onasida kufiy muvarraqa xatida yozilgan boshqa bir matn takrorlangan:
كلام الملوك ملوك الكلام صدور Yaʼni: Podshohlar so‘zi – aytilgan so‘zlar shohidir.
Matn harflari zarhal bilan qoplangan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
