Oqsaroyga kim qanday taʼrif bergan?

Oqsaroyga kim qanday taʼrif bergan?

Amir Temur va uning dastlabki vorislari hukmronligi davri tarixchilari butun islom olami meʼmorchiligi tarixining eng yuksak yutug‘i bo‘lgan Oqsaroyning ko‘tarinki ruhdagi, ammo, afsuski, unchalik ham aniq bo‘lmagan tavsiflarini yozib qoldirishgan.

Masalan, Amir Temur yurishlari solnomachisi Nizomiddin Shomiy saroyni qisqacha va balandparvoz tavsif- larkan, shunday yozadi: 

«Uning (saroyning) peshtoqi va toqlari osmon toqiga yetdi, shunday ekan, dunyo- da biron-bir kimsa bu kabi (inshoot)ni ko‘rmagan va bunaqasi haqida eshitmagan ham edi». 

Sharafiddin Ali Yazdiy Oqsaroyni yana-da dabdabali sheʼriy shaklda taʼriflaydi. U saroyni tavsiflashdan avval Kesh haqidagi umumiy maʼlumotlarni keltirib o‘tadi: 

«Baʼzi tarixiy kitoblarda naql qilibdilarki, Kesh shahri burungi zamonlarda ulug‘ islom olimlari jamlangan bir maskan bo‘lgan ekan. Buyuk muhaddislardan uchtasi mazkur viloyatda tug‘ilgan yoki yashagan ekan. Bular – Abu Muhammad Abd ibn Homid ibn Nasr al-Keshiy, Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Dorimiy as- Samarqandiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bo‘lib, Alloh ularning barchasidan rozi bo‘lsin! Yangi ko‘katlar va daraxtlar o‘sgan bog‘lar va bo‘stonlar shaharni va uning devorlari ichkarisi (makonini) bahordan kuzga qadar qurshab turgani tufayli shahar “Shahrisabz” sifatida shon- shuhratga burkandi. 781-(1380)[yil]ning oxirida to‘rtinchi faslda keltirilgan so‘zlarga muvofiq, shahar bo‘stonlari, hukmdorlar bog‘lari va gulistonlari bo‘lgan saroylar (inshootlarini) bunyod etish va ularni feruza naqshlar bilan bezatish bo‘yicha ishlari avj nuqtasiga ko‘tarildi. (Sohibqiron) devorlar tiklanishi nihoyasiga yetkazilishi uchun uning amirlari va navkarlari o‘rtasida kuzatib turish uchun Shahrisabz devorida (ishlash uchun uchastkalar) taqsimlab berilishi to‘g‘risida farmon berdi. O‘sha vaqtda shahar devorlari ichkarisida, uning karomatomuz bashoratiga muvofiq, saroy poydevori tashlangan edi... Uning xayrli nomi ham Oqsaroy bo‘ldi". 

Oqsaroyni boshqa zamondoshlari ham ko‘tarinki ruh bilan taʼriflashgan. Masalan, Hofizi Abro‘ Kesh (Shahrisabz) haqida qisqacha maʼlumotlar keltirganida Oqsaroy haqida ham bir necha so‘z aytib o‘tadi: 

«Sohibqiron hukmronlik qilgan kunlarda shahar (Kesh) yuksak ravnaq darajasiga erishdi. Amir (Amir Temur) bu yerda muazzam imorat qurishga farmon berdi. Podshohning o‘zi uchun Oqsaroy nomi bilan tanilgan baland bir imorat barpo etildi; u muhtasham bir imorat; uning peshtoqi bir necha farsax naridan ko‘rinib turadi».

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida (11-12-sahifa) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.