Oqsaroy qurilishiga oid taxminlar: ularning qay biri haqiqatga yaqin?

Oqsaroy qurilishiga oid taxminlar: ularning qay biri haqiqatga yaqin?

Nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun islom olami meʼmorchiligi tarixining eng yuksak yutug‘i hisoblangan Oqsaroy qurilishiga oid turli taxminlar mavjud.

Har bir versiya ham jiddiy asoslarga egadir. Basharti, masalan, XV asr tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiy o‘z asarida xorazmlik ustalar endilikda “Oqsaroy” nomi bilan tanilgan baland saroy qurganliklarini qayd etib o‘tgan. Nima bo‘lganda ham, aksariyat tarixiy asarlarning maʼlumotlariga qaraganda Amir Temur tomonidan Urganchning uzil-kesil ishg‘ol etilishi uning Xorazmga to‘rtinchi yurishidan keyin, yaʼni 1388 yilda ro‘y bergan, bu esa aytib o‘tilgan yilda Xorazmdan ustalar Keshga yetib kelgan va qurilish ishlariga kirishgan edilar, deb hisoblashga asos beradi. Keyinchalik yozma manbalardan olingan maʼlumotlar majmuasiga tayangan V. Bartold Oqsaroy xorazmlik ustalar tomonidan 1380 yilda qurilgan yoki aniqrog‘i, bu saroy qurilishi boshlangan sanadir va unda ko‘plab mamlakatlar binosozlari ishtirok etgan, degan xulosaga kelgan edi.

Xorazmlik ustalarning qurilish ishlaridagi to‘liq ishtirokiga to‘xtaladigan bo‘lsak, manbalar va tadqiqotlarni o‘rganish ular qadama naqshlarning har xil turlarini tayyorlagan va qadamalash ishlarini bajargan edilar, deya faraz qilishga imkon beradi.

Sharqshunos A. Yakubovskiy ham Oqsaroy qurilishi boshlanishi haqidagi maʼlumotlar va unda chegaradosh mamlakatlardan ham ustalar ishtirok etgani xususida yozgan edi. U haqqoniy ravishda, Oqsaroy – Amir Temur davlatining ham mahalliy mamlakatlari, ham boshqa mamlakatlari turli binosozlik maktablari sintezi mevasidir, deb taʼkidlaydi.

XIX asrning 80-yillarida Turkiston o‘lkasi va qo‘shni xonliklar (Buxoro va Xorazm) hududidagi o‘tmish yodgorliklarining nihoyatda mehnatsevar tadqiqotchisi A.L. Kun ilmiy maqsadda Shahrisabzga tashrif buyurgan edi. Uning yordamchisi samarqandlik bilimdon ulamo va tarixchi Mirza Abdurahmon Mustajir as-Samarqandiy bo‘lib, Turkistonda ko‘plab tarixiy obidalarni ilmiy rekognossirovka qilishida A. Kunga hamrohlik qilib kuzatib bordi. U A. Kun uchun bir qator yodgorliklarning ayrim bitiklaridan, shu jumladan Oqsaroy epigrafikasi bir qismidan ko‘chirmalarni amalga oshirgan.

Ana shu ko‘chirmalar A. Kunning mashhur arxivida saqlanib qolgan va bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti qoshidagi Sharqshunoslar arxivida saqlanmoqda.

Bir qancha yodgorliklar sirasida A. Kun Oqsaroyni ham tekshirgan va bitiklardan birida 797 yil (1394–95) sanasini o‘qigan ediki, bu sanani, har holda saroy peshtoqidagi qadamalash ishlari bosqichlaridan biriga oid, deb bilish kerak bo‘ladi.

Boz ustiga, 1404 yilda Shahrisabzga tashrif buyurgan (Amir Temur qabuliga kelayotgan Ispaniya elchilik hayʼati tarkibida), Oqsaroyda ishlar davom etayotganiga guvoh bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixoning ishonarli maʼlumotlariga tayanadigan bo‘lsak va uning so‘zlariga qaraganda, saroy qurilishi epigrafikada ko‘rsatilgan sanadan hatto ancha keyin ham hali nihoyasiga yetkazilmagan edi.

Amir Temur va temuriylar davridagi Shahrisabz yodgorliklari tadqiqotchilari M.Ye. Masson va G.A. Pugachenkova ham Oqsaroy qurilishi 1380 yildan oldin boshlanmagan, 1396 yilda ham qurilish ishlari hali yakunlamagan edi, degan xulosaga kelgan edilar.

Biz ham qurilish va dekorativ-bezatish ishlari ulkan hajmda bo‘lganligi tufayli Oqsaroy qurilishini yakunlash ustidagi ishlarni qisqa muddatlarda nihoyasiga yetkazish imkoni bo‘lmagan va bu ishlar 25 yildan uzoqroq davom etgan, deya faraz qilamiz. Bugungi kunda o‘sha zamonning bir mahallar mahobatli inshooti bo‘lgan Oqsaroydan bizga qadar faqat ulkan darvozaxona peshtoqining ikkita zabardast ustuni va saroy lojuvard sirlangan naqshinkor polining arzimas miqdordagi to‘shama naqsh bo‘laklari yetib kelgan, xolos.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida (11-12-sahifa) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Oqsaroy qurilishiga oid taxminlar: ularning qay biri haqiqatga yaqin?