Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilon shahridagi “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat koʻrsatish obyektlari bilan tanishdi.
Qadimiy Margʻilon shahri bu borada katta imkoniyatlarga ega. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida bu yerda “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi barpo etildi. Milliy meʼmorchilik anʼanalari, Margʻilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uygʻunlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharchadir. 35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.
Buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish majmuaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uygʻunlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.
Davlatimiz rahbari majmua boʻylab yurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi. Jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurdi.
“Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qoʻqondagi Oʻrda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.


