Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Bahouddin Naqshband majmuasiga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Bahouddin Naqshband majmuasiga tashrif buyurdi

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

 

Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan. Ansambl asrlar davomida shakllangan boʻlib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mangʻitlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, soʻfiylik tarixiga bagʻishlangan muzey oʻrin olgan.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Bahouddin Naqshband majmuasiga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yoʻlak qayta taʼmirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni bog‘ga aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mangʻitlar sulolasiga mansub boʻlgan Buxoro otaligʻi Doniyolbiy qurdirgan madrasa taʼmirlanmoqda.