UNESCO rahbari Odri Azule “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

UNESCO rahbari Odri Azule “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

 

O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Suhbat avvalida Odri Azule davlatimiz rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

 

Keyingi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.

 

O‘zbekistonning tashabbusi bilan UNESCOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

UNESCO rahbari Odri Azule “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi