2025-yil 20-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror O‘zbekiston “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Shu vaqtgacha arxeologiya sohasini tartibga soluvchi qonunosti hujjatlarning to‘liq ishlab chiqilmagani sababli, bir qator amaliy jarayonlarda noaniqlik va tushunmovchiliklar kuzatilayotgan edi. Jumladan, arxeologik ashyolarni davlat katalogida ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni davlatga topshirish, fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirish, shuningdek, xalqaro arxeologik tadqiqotlarni tashkil etish va konservatsiya jarayonlarini amalga oshirishda yagona me’yoriy tartib mavjud emas edi. Yangi qaror bilan ushbu yo‘nalishlarda aniq tartib va shartlar belgilab berildi.
Mazkur qaror arxeologiya merosi obyektlarini saqlash, o‘rganish va ulardan oqilona foydalanishni yanada tizimli asosda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

