Prezidentning 01.07.2025 yildagi PQ-212-son qarori bilan tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Tasviriy va amaliy sanʼatni rivojlantirish va jahon miqyosida ommalashtirish uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari bo‘ladi:
- tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohasi xodimlarini moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning samarali ijod qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- isteʼdodli yosh rassomlar uchun mo‘ljallangan ijodiy ustaxonalar faoliyatini tashkil etish, ularning shaxsiy va jamoaviy ko‘rgazmalarini uyushtirish;
- isteʼdodli yoshlarni kreativ loyihalarga keng jalb etish;
- xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasining 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining ko‘rgazma zalini rekonstruksiya qilish, Zamonaviy galereya binosini qurish va 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasini yaratish;
- Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining qo‘shimcha o‘quv binosini qurish.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida:
- tashqi o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega ijodkor pedagog kadrlar mazkur taʼlim tashkilotining ilmiy salohiyat ko‘rsatkichlarida inobatga olinadi (asosiy ish joyi boshqa OTMlarda bo‘lgan xodimlar bundan mustasno);
- institut pedagoglari tomonidan yaratilgan yuksak badiiy asarlar monografiyaga tenglashtiriladi;
- “rangtasvir”, "amaliy sanʼat" va “dizayn” bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha “psixologiya” va “pedagogika” fanlaridan tahsil olgan bitiruvchilarga umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida "tasviriy sanʼat" fanidan dars berishga ruxsat etiladi.
Qaror bilan tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
