Londonda O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi tadbirlari boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi bir qator olimlar, tadqiqotchilar, shuningdek, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati asoschisi va prezidenti Frederik Bressandan iborat delegatsiya Londondagi Al-Furqon islom merosi fondida bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) va Al-Furqon islom merosi fondi bilan yaqindan hamkorlik qilish borasida so‘z yuritildi.
— Bugun Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan madaniy merosni asrab-avaylashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada britaniyalik do‘stlarimiz bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Xususan, Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Britaniyadagi qator tashkilotlar va olimlar bilan bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda, - dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. — Joriy yil avgust oyida Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan VIII xalqaro kongressda, shu bilan birga oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro madaniy meros haftaligida o‘ndan ortiq britaniyalik olimlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi. Ayni paytda bu loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shu o‘rinda Londondagi Al-Furqon islom merosi fondi boshqaruvi direktori janob Sali Shahsivari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar alohida ahamiyatga ega. Bugun biz bu yerda ana shu hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha bir guruh olimlar bilan kelganmiz. Janob Shahsivari O‘zbekistonda bizga bir qator qiziqarli loyihalarni taklif etgan edilar. Ulardan biri buyuk yurtdoshimiz Qaffol ash-Shoshiyning asarlarini o‘rganish bilan bog‘liq.
Uchrashuvda qayd etilganidek, islom olamida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan bu asarning nusxalarini jamlash, ularning faksimilelarini yaratish alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, uchrashuvda Al-Furqon fondida madaniy merosimizga oid yana bir qator asarlar saqlanayotgani va kelgusida ana shu qo‘lyozmalarni birgalikda tadqiq etish rejalashtirilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Al-Furqon islom merosi fondi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston madaniy merosi hamda “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kitoblari, esdalik sovg‘alari Al-Furqon islom merosi fondi direktoriga topshirildi. Shu o‘rinda Sali Shahsivari kelgusida hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanligini bildirdi.
Kunning ikkinchi qismida delegatsiya dunyodagi eng yirik va nufuzli Christie‘s va Sotheby‘s auksion uylarida ham bo‘ldi. Ular sanʼat asarlari, antikvariat, zargarlik buyumlari va boshqa qimmatbaho kolleksiyaviy predmetlarni sotish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Ushbu tashrif O‘zbekistonning madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, Buyuk Britaniya bilan ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi. Va shu bilan birgalikda Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi London shahridagi “Christie‘s” va “Sotheby‘s” auksion savdo uylarida bo‘ldi.
Tashrif davomida “Christie‘s” auksion savdo uyining Islom va Hindiston sanʼati bo‘limi boshlig‘i Sara Plambli mazkur tashkilot tarixi va faoliyati bilan qisqacha tanishtirdi. Tashkilotda mavjud bir qator nodir eksponatlar, tasviriy sanʼat asarlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, Plambli auksion uyida saqlanayotgan ayrim qo‘lyozmalarni mehmonlarga ko‘rsatdi. Ulardan biri sharq mumtoz adabiyoti vakili Xoji Kirmoniy tomonidan 1524-yilda ko‘chirilgan “Xamsa” asarining qo‘lyozmasi, yana biri Shamsiddin Muhammad Assor tomonidan 1494-yilda Tabrizda ko‘chirilgan “Shams va Mushtariy” dostonidir. Har ikkala qo‘lyozma temuriylar davri kitobat sanʼati taʼsirida yaratilgan.
Shundan so‘ng Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari London shahridagi yana bir auksion savdo uyi – “Sotheby‘s”ga bordi. Delegatsiya aʼzolarini Auksion savdolari bo‘limi rahbari Benedikt Karter qabul qildi. Savdo uyi xodimlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillariga ayni paytda savdo uyi ixtiyorida bo‘lgan, Markaziy Osiyo madaniy merosiga oid osori-atiqalar haqida maʼlumot berishdi. Jumladan, VIII asrga mansub sug‘diylar libosi, somoniylar davriga tegishli bo‘lgan sopol idishlar, qadimiy binolarga oid koshinlar, mamluklar va temuriylar davrida ko‘chirilgani taxmin qilingan Qurʼoni karim qo‘lyozmalari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari auksion savdo uylari vakillariga Markaz bilan o‘zaro hamkorlikni taklif qildi. Shuningdek, mazkur auksion savdo uylari mutasaddilari 2025-yil mart oyida Toshkentda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan “Xalqaro Islom madaniy meros haftaligi” ga ham taklif etildi.








