Qashqadaryo viloyatidagi 1200 dan ortiq maktabga “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar" turkumidagi kitob-albomlar topshirildi
29 may kuni Qarshi shahrida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” noyob turkumidan 20 jild kitob-albomlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan ushbu kitoblar Qashqadaryo viloyatidagi 1220 dan ortiq maktab uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Tadbirda maktab rahbarlari, o‘qituvchilar, tarixchi olimlar, o‘quvchilar, madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi. Taqdimot qatnashchilari meʼmoriy obidalar fotosuratlari, batafsil tavsiflari, ilmiy izohlari va matnlarning stenogrammalarini o‘z ichiga olgan kitoblardagi O‘zbekistonning noyob epigrafik yodgorliklari hamda namoyish etilgan hujjatli filmlar orqali WOSCU faoliyati bilan tanishdilar.
Qashqadaryo viloyatidagi maktab kutubxonalariga 20 jildlik “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” to‘plamini bepul olish uchun sertifikatlar topshirildi. Qashqadaryo viloyati maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farid Bozorov mazkur aksiya muhim ahamiyat kasb etishi vag bilimli, ijtimoiy masʼuliyatli yosh avlodni tarbiyalashdagi hissasini alohida taʼkidladi.
– Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi 20 jildlik ajoyib tuhfa uchun Butunjahon jamiyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman. Bugun men tarixda mayoq bo‘ladigan va O‘zbekistonning yosh avlodi uchun O‘zbekiston tarixida yangi ufqlarni ochadigan loyihani kashf qildim. Bizning asosiy maqsadimiz – bilimli, har tomonlama yetuk, ijtimoiy masʼuliyatli fuqarolarning yangi avlodini tarbiyalashdan iborat. Mazkur kitoblar shunday ezgu maqsadni amalga oshirishda beqiyos hissa qo‘shishiga ishonamiz, – dedi F.Bozorov.
– O‘zbekiston obidalaridagi bitiklarga oid kitoblar va albomlarni bepul olish uchun sertifikatlar topshirish bo‘yicha respublika bo‘ylab davom etayotgan aksiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari hayotga tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir. Yurtimiz olimlari tadqiqotlar va nashr ishlari jarayonida mashaqqatli mehnat qildilar va bugungi kunda ushbu kitoblar mamlakatimizdagi barcha maktab kutubxonalari uchun qimmatli manbaga aylanmoqda”, – deydi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov.
Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Fayzxo‘ja Mahmudov loyihadagi ishtiroki haqida gapirdi. Bir yarim oy davomida u Bobur Aminov bilan Qashqadaryo viloyati qishloqlarini kezib, qabr toshlari va masjidlardagi qadimiy bitiklarni o‘rgandi. Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomdagi materiallarning 90 foizini ana shu topilmalar tashkil etadi.
Aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston meʼmoriy yodgorliklaridagi matnlar soni va o‘ziga xosligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda turadi. Ijodiy jamoa ushbu noyob yozma yodgorliklarni bir necha yillar davomida o‘rganib, tadqiqot natijalarini “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar" nomli ko‘p jildli nashrida jamladi.



