O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar kelajak avlodlar uchun boylikdir
2024 yil 24 may kuni Sirdaryo viloyatida muhim voqea – O‘zbekiston madaniy merosiga oid kitoblarni bepul olish uchun sertifikatlarni topshirish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan O‘zbekiston maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilib, 300 dan ortiq kitob oluvchilarni birlashtirgan.
“O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qaʼridan taralayotgan nur" media-tadbirida mamlakatimiz meʼmoriy yodgorliklaridagi bitiklar sirlarini ochib bergan 20 jildlik kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu nashrlar viloyatning boy madaniy merosi haqida noyob bilim manbai hisoblanadi. Taqdimotda Fayzxo‘ja Mahmudov, Hamidullo Lutfullayev kabi muallif va olimlarning maʼruzalari tinglandi va ular o‘z tadqiqotlari bilan o‘rtoqlashdilar, har bir jildning ahamiyati haqida gapirib o'tdilar.
Sirdaryo viloyati hokimligi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchi G‘aybulla Yusupov ushbu kitoblar yoshlarda ajdodlarning ko‘p sonli madaniy merosi bilan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. “Viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablari va axborot-kutubxona markazlari ushbu kitob nusxalari bilan taʼminlangani meʼmoriy yodgorliklarni chuqurroq anglash va o‘rganishga xizmat qiladi”, – dedi u.
– Mazkur tadbirni tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘mak uchun Sirdaryo viloyati hokimligi, Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi boshqarmasi, shuningdek, Sirdaryo viloyati yoshlar ishlari agentligiga minnatdorchilik bildiramiz. O‘zbekiston epigrafiyasiga oid kitob-albomlarning topshirilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari hayotga tatbiq etilayotganining yorqin dalilidir. WOSCU olimlari mamlakatimiz yodgorliklaridagi bitiklarni ochish bo‘yicha mashaqqatli ishlarni amalga oshirdi va bugungi kunda davlat mablag‘lari hisobidan chop etilayotgan kitoblar mamlakatimizdagi barcha maktab kutubxonalari uchun qimmatli manbaga aylanadi. Ishonchimiz komilki, ushbu kitoblar taʼlimga qo‘shilgan bebaho hissa bo‘lib, talabalarga O‘zbekiston madaniy merosini yaxshiroq tushunish va qadrlashda yordam beradi”, — deb ta'kidlaydi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov.
Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi madaniy-maʼrifiy va yoshlar bilan ishlash sektori mudiri Xurshida Risqulova ushbu kitoblar yoshlar uchun qimmatli bilim manbai bo‘lishiga umid bildirdi. Shuningdek yosh avlodga murakkab va zarur maʼlumotlarni yetkazishning muhimligini taʼkidladi.
– “Bugun biz ajoyib tadbirda qatnashdik, obidalarimiz haqida juda dolzarb maʼlumotlar oldik va endi buni bizga berilgan kitoblar orqali yoshlarimizga yetkazamiz".
Tadbir doirasida sharqshunos olimlarning O‘zbekiston meʼmoriy yodgorliklarida olib borilayotgan chuqur izlanishlari va tadqiqotlarining ahamiyatini ochib beruvchi hujjatli filmlar va maʼruzalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


