Toshkent viloyatidagi maktab kutubxonalariga O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar bo‘yicha 17 ming dona kitob yetkazib berildi
“O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarni bepul olish uchun sertifikatlarni topshirish bo‘yicha navbatdagi aksiyada Toshkent viloyatidagi maktablar vakillari ishtirok etdi. Bu gal 870 ta taʼlim muassasasi birvarakay 17 400 dona kitobni qabul qilib oldi.
Bugun “Renessans” kinoteatrlar uyida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qaʼridan taralayotgan nur” mavzusidagi tadbirda sertifikatlarni topshirish marosimi tashkil etildi.
Tarixiy obidalar epigrafiyasini tadqiq qilish va to‘liq shifrlash borasidagi ko‘p yillik saʼy-harakatlar tufayli o‘zbek, rus, arab va ingliz tillarida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” ko‘p tilli 20 jildlik turkum nashr etildi.
Loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov quyidagilarni taʼkidladi:
“Bugun biz Toshkent viloyatidagi 870 ta maktabga 20 jildlik kitob-albomlarga sertifikatlarni topshirish bo‘yicha uchinchi tadbirni o‘tkazmoqdamiz. Mazkur maʼrifiy tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini o‘rganish va asrab-avaylash masalalariga eʼtibori, shuningdek O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar qanchalik chuqur va ahamiyatli ekanini yana bir bor namoyon etdi. O‘ylaymizki, mamlakatimiz hukumati tomonidan ajratilgan mablag‘lar evaziga chop etilayotgan ushbu nashrlar endilikda O‘zbekiston fuqarolarining yangi avlodi uchun muhim maʼrifiy manbaga aylanadi. Hozir maktab o‘quvchilari ixtiyoriga berilayotgan chiroyli tasvirlarga boy kitoblar shunchaki o‘quv quroli emas. Ular yosh avlodni mamlakatning tarixiy o‘tmishi bilan bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bolalar va o‘smirlar mazkur albomlar sahifalari orqali buyuk ajdodlarimizning hayoti, falsafasi, maʼnaviy intilishlari haqida hikoya qiluvchi meʼmoriy obidalar, epigrafik yozuvlar bilan tanishishlari mumkin".
O‘zbekiston bo‘ylab o‘rganilmagan epigrafik yozuvlarni o‘rganish va shifrlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o‘zbek va chet ellik olimlardan iborat ijodiy guruh tomonidan amalga oshirildi.
“Bugun maktab kutubxonalari uchun ajoyib voqea – O‘zbekiston meʼmoriy epigrafiyasiga bag‘ishlangan kitoblarni oldik. Bu biz uchun haqiqiy xazina, chunki Samarqand, Buxoro yoki Xivaga har bir o‘quvchi, hatto o‘qituvchilarning ham barchasi bora olmaydi. Lekin bu albomlar tufayli farzandlarimiz tarixiy merosimizning ulug‘vorligini ko‘rib his qiladi, meʼmoriy yodgorliklarning ahamiyatini bilib oladi. Biz, albatta, bu nashrlardan o‘quvchilarimizning dunyoqarashini kengaytirishda, shu jumladan, turli ko‘rgazma yoki yarmarkalar tashkil etishda foydalanamiz. Bunday qimmatbaho va go‘zal sovg‘a uchun yurtimiz Prezidenti, hukumatimiz, Xalq taʼlimi vazirligiga chin dildan minnatdorlik bildiraman, – deydi 18-maktab vakili Nargiza Xusaydinova.
Tadbirda fan doktorlari Sanjar G‘ulomov, Salima Eshonova, Fayzxo‘ja Mahmudov, Shahlo Abdullayevalar maxsus maʼruza va taqdimotlar bilan chiqishdi. Mehmonlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) faoliyati bilan tanishib, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining amalga oshirilishi haqida maʼlumot olishdi.
– Bugungi taqdimot biz, mualliflar uchungina quvonchli kun emas, bu har bir O‘zbekiston aholisi uchun chinakam bayramdir. So‘nggi bir necha yil ichida biz 20 ta kitobni nashr etishga muvaffaq bo‘ldik, ularning har biri nafaqat bilim, balki O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bo‘lgan cheksiz mehr bilan to‘la. Umid qilamizki, o‘g‘il-qizlarimiz ushbu kitoblarni o‘qib chiqqach, ularni tayyorlash jarayonida qilingan mehnatning qadriga yetishadi. Ushbu yo‘lda biz bilan birga bo‘lgan barchaga rahmat! Sizning fikr-mulohazalaringiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz kitoblarimizning har bir sahifasini jonli va ahamiyatli qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Fayzxo‘ja Mahmudov.
Media tadbir Toshkent viloyati xalq taʼlimi tizimi vakillariga “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi 20 jildlik kitob-albomlarni bepul olish uchun sertifikatlarni tantanali topshirish bilan yakunlandi.
Aksiya mamlakatimizning barcha hududlarida davom etadi. O‘zbekiston maktablariga 200 mingta kitob sovg‘a qilinadi.
Media-tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy-tadqiqot guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi.



