“O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” media-tadbiri

8 aprel kuni WOSCU O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitoblar taqdimoti hamda tashkilotlar, vazirliklar va idoralarga 20 jild kitob-albomlarni olish imkonini taqdim etuvchi sertifikatlarni topshirish marosimini o‘tkazdi.

Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan shaxsiy tashabbusining yorqin natijasi bo‘ldi.

Ushbu faoliyat mamlakatimiz tarixiy obidalarida yozilgan qadimiy bitiklarni o‘rganishga qaratilgan. Bugungi kunga qadar O‘zbekistonning barcha hududlariga bag‘ishlangan, o‘zbek, rus, arab va ingliz tillaridagi 20 ta ko‘p tilli kitob-albomlar nashr etildi.

“O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi O‘zbekiston hukumatining tashkiliy va moliyaviy ko‘magida WOSCU tomonidan sherik tashkilotchilar bilan hamkorlikda boshlangan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov qutlov so‘zi bilan chiqish qildi.

Tadbir davomida doktor Baxtiyor Bobojonov maxsus taqdimot bilan ishtirok etdi.

“Izlanishlarimiz davomida mingdan ortiq hunarmand, meʼmor, rassom, xattot va shoirlarning nomlarini aniqlashimiz mumkinligi xayolimizga ham kelmagan edi! Biz bunyodkorlar va saxovatpesha homiylarning ism-shariflarini, ko‘p hollarda yodgorliklarni kim va nima uchun barpo etganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Bu kitoblar ortidan xorijdan faqat maqtov, ijobiy fikrlarni eshityapmiz va tadqiqotlarimiz mahsuliga talab yuqori bo‘lishiga ishonamiz”, – dedi doktor Baxtiyor Bobojonov.

Nashrlar orasida Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri meʼmoriy yodgorliklaridagi epigrafik bitiklarga bag‘ishlangan kitob-albomlar, Samarqand meʼmoriy tarixiy majmualari – Registon va Shohizindaga bag‘ishlangan albomlar bor.

“Bugun ushbu nashr etilgan kitoblar tufayli biz yurtimiz obidalaridagi tarixiy bitiklarning mazmun-mohiyatini angladik. Har bir viloyatning yodgorliklariga bag‘ishlangan albomlarning nashr etilishi tariximiz va merosimizni anglashda yangi ufqlarni ochadigan chinakam ezgu ishdir. Endi bizda ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan tarixiy nomalarni tushunishga yordam beradigan ajoyib nashrlar mavjud. Ishonchim komilki, bu kitoblar har bir yoshning o‘z madaniyat ildizlariga yaqinlashishi, bilimini boyitishiga yordam beradi, ularda ajdodlarimiz bizga qoldirgan meros bilan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otadi”, – deydi Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Karimovich Eminov.

Loyiha faoliyati natijasi o‘laroq, O‘zbekistonning 2000 dan ortiq meʼmoriy yodgorliklaridagi yozuvlar tarjima qilindi. Ular orasida sheʼrlar va sheʼriy iboralar, nasihatlar, ezgu tilaklar va hikmatli so‘zlar, ustoz va xattotlar ism-shariflari, diniy va bag‘ishlov bitiklari, tarixiy voqealar xronogrammasi va hukmdorlar farmonlari mavjud. Mutaxassislar epigrafik materiallarning ulkan miqdorini topib, o‘rganib, maʼnosini chaqibgina qolmay, turkiy, arab va fors tillaridagi bitiklarning dastlabki o‘qilishi va tarjimalarini ham to‘g‘rilab, boyitishdi.

Taklif etilgan mehmonlar orasida sanab o‘tilgan kitob-albomlar mualliflari – Baxtiyor Bobojonov, Yelizaveta Nekrasova, Fayzxo‘ja Mahmudov, Sanjar G‘ulomov, Bobur Aminov, Salima Eshonova va boshqalar ham bor edi.

– Bugungi bayramoldi kunda loyihaning ijodiy jamoasi nomidan aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusini amalga oshira olganimizdan xursandmiz. Loyihani tashkiliy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz, aynan shu tufayli kitoblarning 20 jildi O‘zbekistondagi har bir taʼlim muassasasiga topshiriladi. Ushbu keng ko‘lamli tadqiqotda ishtirok etgan barcha olimlarga tashakkur izhor etamiz. Ularning mehnati, izlanishlari tufayli O‘zbekiston tarixida birinchi marta barcha yodgorliklardagi bitiklarni o‘qishga erishildi. Taʼkidlab o‘tish lozimki, ushbu loyihaning o‘xshashi yo‘q va u Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash va yuksaltirish masalalariga yondashuvni yorqin namoyon etadi, – dedi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov.

Tadbirda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film hamda “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” hujjatli filmi namoyish etildi.

Media-tadbir O‘zbekiston vazirliklari, idoralari va tashkilotlariga – jami 100 dan ortiq tashkilot vakillariga “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi 20 jildlik kitob-albomlarni bepul olish uchun sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bilan yakunlandi.