“Yumshoq kuch” yosh diplomatlar qo'lida
Poytaxtimizda Navro‘z umumxalq bayrami arafasida “O‘zbekistonning sivilizatsiya salohiyati: yumshoq kuch mexanizmi sifatida” mavzuida media-tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda «O‘zbekiston madaniy merosi» va «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumidagi kitob-albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mehmonlarga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, shuningdek, yoshlar klublari faoliyati haqida videorolik hamda WOSCU faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar namoyish etildi.
– Bizning maqsadimiz ikki kuchni – diplomatiya va madaniyatni birlashtirishdir. WOSCU juda ko‘p tadqiqot ishlarini amalga oshirdi va bu bilim kelgusida bo‘lajak diplomatlar faoliyatida amaliy foyda keltirishi mumkin. Biz kinematografiya sohasida ham amaliy hamkorlikni rejalashtirmoqdamiz. O‘zbek kinosi boy merosga ega bo‘lib, bizning maqsadlarimizdan biri «yumshoq kuch»ni targ‘ib qilish, kino orqali ma'rifatparvar ziyolilar, jadidlar tarixi haqida xorijiy mamlakatlarga yetkaza olishdir. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Kino jamg‘armasi bilan hamkorlikda xalqaro kinoklub tashkil qilib, O‘zbekistonda ishlayotgan diplomatlarni taklif qilamiz va o‘zbek kinosini xorijda namoyish etamiz», – dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.
Shuningdek, WOSCU tomonidan xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalariga kitob-albomlar va sertifikatlarini topshirish an'anaviy marosimi bo‘lib o‘tdi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga «O‘zbekiston madaniy merosi» va «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumlarining 70 jildlik kitob-albomlarini olish uchun alohida sertifikatlar topshirildi.
– Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida madaniy merosni o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu nuqtai nazardan faoliyati bevosita O‘zbekiston madaniy merosiga aloqador xorijiy muzeylar, kutubxonalar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish WOSCU faoliyatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan bu boradagi hamkorlik biz uchun yangi ufqlarni ochib, maqsadli yoshlar tufayli safimizga yangi kuch va g‘oyalarni olib kirmoqda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorligimiz O‘zbekiston madaniy merosi haqidagi bilimlarni yangi avlodga yetkazish nafaqat sharafli vazifa, balki Vatan tarixi oldidagi burch ekanligini tushunishga asoslanadi. Biz har bir o‘quvchida bu bilimlarni butun dunyoga tarqatadigan, uni xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘prikka aylantiradigan bo‘lajak madaniyat diplomatini ko‘ramiz. Bu global tushunish va tinchlik vositasi sifatida madaniyatning «yumshoq kuchi»ga bo‘lgan umumiy ishonchimizni ta'kidlaydi», — deb ta'kidladi WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faol va iqtidorli talabalarining chiqishlari, jumladan «Diplomat» teatr-studiyasi tomonidan tayyorlangan «Jadidlar» spektakli, «Lazgi» Xorazm milliy raqsi, Beqassam brendi milliy liboslarining namoyishi bayramga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.
– WOSCU O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ajoyib ko‘rgazma tashkil qildi. Bu nashrlarning eng katta afzalligi shundaki, ularda mamlakatimizning xorijda saqlanayotgan turli osori atiqalari namoyish etilmoqda. Biz xorijdagi barcha muzeylarga shaxsan tashrif buyura olmaymiz, lekin bu yerda illyustratsiyalar va batafsil tavsiflar tufayli ularni ko‘rishimiz mumkin. WOSCU olimlari bilan suhbatlashish davomida ko‘plab yangi ma'lumotlarni bilib oldik. Bo‘lajak diplomatlar sifatida biz uchun bunday muloqotlar juda muhim, – deydi JIDU talabasi Farangiz Normamatova.
«O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining bosh homiysi Eriell Group xalqaro neft-servis kompaniyasi hisoblanadi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) 2018 yilda dunyoning 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan, shuningdek 2023 yilda jamiyatning Toshkent shahridagi vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshlagan.
Bugungi kunda WOSCU 450 dan ortiq dunyo olimlarini birlashtirib, har yili davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, ijtimoiy mas'uliyatli tadbirkorlik sub'ektlari ko‘magida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlarni nashr etadi, shuningdek madaniy tadbirlar va ommaviy axborot vositalari uchun tadbirlar uyushtiradi.




