“Madaniy meros – Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik” media-tadbiri
23 fevral kuni “Sevimli” telemedia-majmuasining anjumanlar zalida “Madaniy meros – Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik” media-tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida yangi “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” kitob-albomining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan, “O‘zbekkino” milliy agentligi hamkorligida tashkil etildi.
“O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” kitob-albomi Butunjahon jamiyatining Italiya Respublikasi ilmiy muassasalari bilan bir necha yillik tadqiqotlari va hamkorligi samarasidir. Tadbirning taklif etilgan mehmoni italiyalik sanʼatshunos, jild mutasaddisi va mustaqil tadqiqotchi Francheska Fiorentino bo‘ldi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Italiya Respublikasiga, O‘zbekiston madaniy merosi obidalari va tarixiy obyektlariga bir necha bor ilmiy-tadqiqot safarlarni uyushtirdi. Safar chog‘ida Italiya muzeylarida saqlanayotgan mamlakatimiz madaniy merosiga oid osori atiqalar va tarixiy ashyolar o‘rganildi. Kitob nashr etilishi bilan birga “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” hujjatli filmi ham tayyorlandi.
"O‘zbekiston va Italiya munosabatlarining eng muhim yo‘nalishi bu madaniy-gumanitar aloqalardir. Chunki Italiya Yevropada uyg‘onish davrining vatani bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston, Movarunnahr Sharq uyg‘onish davrining birinchi va ikkinchi bosqichlarining vatani hisoblanadi. Buyuk Geglning shunday gapi bor: “Uyg‘onish Sharqdan boshlanadi”. Butunjahon jamiyati tomonidan bo‘lib o‘tayotgan bugungi tadbir esa o‘zaro madaniy aloqalarning yana bi ko‘rinishidir. O‘zbekiston madaniy merosi butun dunyo bo‘ylab keng yoyilgan, Fransiyada tashiil etilgan Butunjahon jamityati tashabbusi bilan, madaniy merosimizni o‘rganish, to‘plash borasida amalga oshrilayotgan ishlar taqsinga sazovordir. Butunjahon jamiyati tomonidan chop etilayotgan kitoblar dunyoning eng yetuk olimlari, sharqashunos muxatassislari muallifligida yaratiladi. Bu kitoblarni Sharq uyyog‘onish davrining birinchi va ikkinchi bosqichdagi madaniy merosimizni hozirgi zamon o‘quvchisiga yetkazishdagi noyob ilmiy ish deya baholash mumkin. “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” kitob-albomi chop etilishida ham O‘zbeksiton madaniy merociga befarq bo‘lmagan 20dan ortiq olimlar ishtirok etgan. – deb taʼkidladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi tahrir hayʼati raisi Akmal Saidov.
“Bugungi kunda Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik kengaymoqda. Kundan-kunga ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar ham tobora rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyada bo‘ldi, noyabr oyida esa Italiya prezidenti Serjio Mattarella Toshkent, Samarqand, Xiva shaharlariga tashrif buyurdi. Bu tashriflar ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligi uchun yangi sahifalarni ochadi. Tarixiy, madaniy, iqtisodiy va o‘zaro siyosiy aloqalar uchun bu muhim qadam hisoblanadi. Ayni vaqtga qadar biz hamkorlikda bir qancha loyihalarni amalga oshirdik. Bugungi tadbirdan keyin loyihalar salmog‘i yana-da ortadi, – deya taʼkidladi Italiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Agostino Pinna.
Tadbirda Butunjahon jamiyati tomonidan nashr etib kelinayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi” hamda “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumiga oid kitob-albomlarini olish uchun maxsus xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar, elchixonalar va xalqaro tashkilotlar vakillariga kitob-albomlar taqdim etildi.
“O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Olimlar ilmiy izlanishlar uchun yurtimizga kela boshladi, biz xorijiy muzeylar bilan hamkorlikda bir qancha loyihalarni amalga oshirayapmiz. Shu tariqa O‘zbekiston tarixi va madaniyatini tadqiq qiluvchi jahon olimlari hamjamiyatini shakllantirgan ishonchli platforma yaratildi. Biz kino sanʼati, zamonaviy media sohasida, yurtimizning boy madaniy merosi va tarixini o‘rganish va tatbiq etish borasida rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildik. Bu yuutuqlarning barchasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va maʼnaviyat sohalariga bo‘lgan katta eʼtibori hamda olib borayotgan oqilona tashqi siyosatining natijasidir”,– deb taʼkidladi Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Firdavs Abduxoliqov.
Tadbirda Italiya va o‘zbek kinematograflari hamkorligidagi loyihalar – “Marko Polo” hamda “Xo‘ja Nasriddin” hujjatli filmlari namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.
“2022 yilda bizning V&Co telekompaniyamiz Marko Polo haqida, uning O‘zbekiston hududi orqali Italiyadan Osiyoga bo‘lgan ajoyib sayohati haqida hujjatli film suratga oldi. Bu bizning O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va prezidenti Pinakoteka Bréra direktori Dr. Jeyms M. Bredbern bo‘lmish Associazione Circles Squared (Italiya) bilan hamkorlikdagi xalqaro loyihadagi ilk tajribamiz edi. Bu tajriba bizni O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Xo‘ja Nasriddin haqida yangi loyiha yaratishga ilxomlantirdi. Bu Milanning eng qadimgi qo‘g‘irchoq truppasi – Carlo Colla & Figli qo‘g‘irchoq teatri aktyorlari va qo‘g‘irchoqlari ishtirokidagi juda noodatiy film bo‘ladi”,– dedi V&CO telekompaniyasi prodyuseri Alyona Mixaylova.
“Insoniyat tarixida madaniy merosning ahamiyati katta. Afsusuki ko‘p hollarda bu merosga eʼtibor juda ham kam. Baʼzi davlatlarda tarixiy qo‘lyozmalarni saqlash, o‘rganish yoki meʼmoriy obidalarni asrash borasida samarali ishlar olib borilmagan, tarixiy meros yo‘qolib bormoqda. Afsuski bu loyihalar yetarli darajada moliyalashtirlimaydi. Bu ishlarga o‘ninchi darajali soha sifatida qarashadi.
O‘zbekiston tomonidan madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni esa alohida eʼtirof etish mumkin. WOSCU tomonidan qilinadigan ishlar esa juda qimmatlidir. Men WOSCU o‘z zimmasiga olgan masʼuliyati va o‘zbek madaniy merosiga oid bebaho kitoblarni nashr etish, ko‘rgazmalar o‘tkazish kabi salmoqli ishlarni amalga oshirayotganligini juda yuqori baholayman va qadrlayman. YUNESKO nomidan Butunjahon jamiyatiga chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.”– YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi xonim.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining bosh homiysi Eriell Group neft-servis kompaniyasidir.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) 2018 yilda dunyoning 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan, shuningdek, 2023 yilda o‘zining Toshkent shahridagi vakolatxonasi ochgan.
Bugungi kunda WOSCU 450 dan ortiq olimlarni birlashtirib, har yili davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, ijtimoiy masʼuliyatli tadbirkorlik subyektlari ko‘magida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlarni nashr etadi, shuningdek madaniy tadbirlar va media-iventlarni o‘tkazadi.






