Boku shahridagi Geydar Aliyev markazida “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” kitob-albomining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Boku shahridagi Geydar Aliyev markazida “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” kitob-albomining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjon ziyolilariga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati faoliyati haqida maʼlumot berildi.

25 yanvar kuni Bokudagi Geydar Aliyev markazida O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari doirasida tantanali kecha bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Butunjahon jamiyatining nashriyot loyihalari taqdimoti, shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” nomli bezakli kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi. Kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon Qo‘lyozmalar instituti, Ozarbayjon milliy sanʼat muzeyi, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi va Ozarbayjon gilam muzeyida saqlanayotgan o‘zbek milliy sanʼatining nodir namunalariga eʼtibor qaratilgan.
 

Tadbirda Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti, muzey va kutubxonalar, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, Ozarbayjonning taniqli fan va madaniyat arboblari, jami bir yarim mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash va o‘rganish borasidagi tashabbuslari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Olimlarning taʼkidlashicha, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida to‘plangan noyob faktologik materiallar o‘zbek merosini butun dunyoda yana-da chuqur o‘rganish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Biz Butujahon jamiyatining bir qismi sifatida faoliyat olib borayotganimizdan va “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” kitob-albomini nashr etish bo‘yicha mutaxassislarimiz tomonidan olib borilgan izlanishlardan faxrlanamiz, – dedi akademik, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi bosh direktori Nailya Velinxali. – Xalqlarimiz o‘rtasida shakllangan ko‘p asrlik aloqalar natijasida boy madaniy qatlam shakllangan, bugungi kunda biz uni asrab-avaylayapmiz va o‘rganyapmiz! Bularning barchasi davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari va ko‘magi, madaniyat va maʼnaviyat masalalarga eʼtibori tufayli amalga oshmoqda. Ushbu masalalar O‘zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Nashr etilayotgan kitob-albomlar tadqiqotchilarning yangi avlodlariga ushbu tarixiy meros bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etayotganidan mamnunmiz!

Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Gashim o‘g‘li Karimlining taʼkidlashicha, Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti va Butunjahon jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari asosi 2022 yilda shakllangan.

 “Biz institutimiz kutubxonasi uchun nashriyot to‘plamining navbatdagi 15 jildini olganimizdan mamnunmiz. Kuni kecha Ozarbayjon Respublikasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari doirasida “O‘zbekiston-Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” mavzuida davra suhbati o‘tkazdik, bugun esa barchamiz birgalikda Geydar Aliyev markazi sahnasida turibmiz va umumiy mehnatimiz, “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” nomli kitobimizni taqdim etish va o‘zbekistonlik do‘stlar bilan kelgusidagi hamkorligimiz istiqbollarini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lmoqdamiz! O‘zbekistonga rahmat!”

– Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda yangi loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqmoqda. Yangi albom “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumida nashr etiladi va Ozarbayjon obidalaridagi epigrafik yozuvlarga bag‘ishlanadi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch, mushtarak tarixiy ildizlarning mustahkamlanishi va biz nafaqat o‘zbek, balki Ozarboyjon xalqining ham sevimli shoiri va maʼrifatparvari deb bilgan buyuk Alisher Navoiyning hissasi ham yurtdoshlarimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Butunjahon jamiyati loyihalari esa mamlakatlarimiz va xalqlarimiz umumiy merosini kengaytirishda noyob tajribadir, – dedi Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Iso Gabibbeyli.

Taqdimot marosimi doirasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) nomidan yangi kitob-albom yaratishda ishtirok etgan 20 dan ortiq ozarbayjonlik olimlarga minnatdorchilik yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yorliqlar akademik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi tahrir hayʼati raisi Akmal Saidov, Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov va Butunjahon jamiyati (WOSCU) mutaxassislari tomonidan topshirildi. Tadbirda Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi homiy kompaniyasi rahbari Baxtiyor Fozilovning tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. U o‘z murojaatida O‘zbekistonning shonli tarixi va madaniyatining yangi qirralarini dunyoga ochib berayotgan bebaho eksponatlarni asrab-avaylab, o‘rganayotgan Ozarbayjon muzeylari olimlari, rahbariyati va xodimlariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

“O‘zaro hurmat, tenglik va ishonch tamoyillari asosidagi munosabatlarimizni kengaytirish va ularning poydevorini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”.

Butunjahon jamiyatining noyob nashriyot durdonalari endi Geydar Aliyev markazini bezab turadi – markaz vakillariga “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid 50 jildlik kitob-albomlarni olish uchun sertifikatlar topshirildi. O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasiga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Ozarbayjon Kinematografiya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi Fan va madaniyat kunlarining muhim voqeasiga aylandi. Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Orxan Fikret o‘glu imzoladi. 

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida suratga olinishi rejalashtirilgan “Maqsud Shayxzoda” filmi anonsi bilan tanishdi. 

"Geydar Aliyev markazi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida Yangi O‘zbekistonda fan va madaniyat sohasiga oid loyihalarni amalga oshirish uchun ajoyib maydonga aylandi.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tarixiy shaxslari hayoti va xizmatlariga bag‘ishlangan 50 ta filmdan iborat “Tirik tarix” turkumini yaratish to‘g‘risidagi topshirig‘i ana shunday muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. 7 yilga mo‘ljallangan dastur loyihasiga kiritilgan filmlardan biri “Maqsud Shayxzoda” ko-produksion kartinasidir. O‘tgan yili O‘zbekiston Kinematografiya agentligi xorijiy davlatlar bilan qator memorandumlar imzolagan bo‘lsa, yangi 2024 yil Ozarbayjon Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda “Maqsud Shayxzoda” filmini yaratish bo‘yicha memorandumning imzolanishi bilan boshlandi. Ishonamizki, hamkorlikda yaratilayotgan mazkur film O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari tomonidan sevib tomosha qilinadi va xalqlarimizning umumiy madaniy aloqalarini saqlashga muhim hissa qo‘shadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi direktori, Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Tadbirning rasmiy qismi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov, o‘zbek estradasi yulduzlari Ozoda Nursaidova, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanag Mamedova hamda taniqli opera xonandasi, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ishtirok etishdi.