Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati filialining ochilishi bo‘lib o‘tdi
2023-yil 5-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ofisining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bu yerda turli formatdagi tadbirlar: konferensiyalar, davra suhbatlari, treninglar, kino namoyishlari, ilmiy uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Butunjahon jamiyati ofisining shourumida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida”, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumlarining nashriyot loyihalari, sovg‘a nashrlari, shuningdek, O‘zbekiston tarixiy yodgorliklarining 3D modellari, qadimiy qo‘lyozmalar faksimil nusxalari joylangan alohida hudud mavjud.
Tadbir ishtirokchilari Butunjahon jamiyatining nashriyot faoliyati bilan tanishdilar, shuningdek, mamlakatda madaniyat va san’atning rivojlanishi to‘g‘risida fikr almashdilar. Ofisning ochilish marosimi asosiy voqeasi Butunjahon jamiyatining https://society.uz multimedia portali taqdimoti bo‘ldi. Saytda O‘zbekiston madaniyati va ilm-faniga bag‘ishlangan turli bo‘limlar, jumladan: “Tarixiy kutubxona’, “Mediatadbirlar”, “Faksimil nashrlar”, “O‘zbekistonning 100 nodir qo‘lyozma durdonasi” va boshqalar mavjud.
Shuningdek, portalda turli hujjatli filmlar, ma’rifiy videolar, intervyular va Butunjahon jamiyatining video yo‘nalishi tomonidan suratga olingan hujjatli filmlar joylangan “Kinoteatr” nomli katta bo‘lim bor.
Bunday multimedia platformasi tufayli xohlovchilar mamlakatimizning ajoyib madaniy merosi bilan yengil va qiziqarli formatda tanishishlari mumkin.





