"O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining tantanali topshirilishi

"O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining tantanali topshirilishi

2023-yilning 3-iyul kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans davri asosi” haftaligi doirasida “Madaniy meros" turkumidagi 50 jildli kitob-albomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.  Bu kitoblarda xorij muzeylarida saqlanayotgan  O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan bog‘liq nodir eksponatlar haqidagi ma’lumotlar o`rin olgan. Ushbu tadbir mamlakat uchun katta madaniy va ilmiy ahamiyatga ega bo‘lib, milliy madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib etishda muhim qadam bo‘ldi.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston tadqiqotchilari va olimlari xorijlik hamkasblari bilan birgalikda jahon muzeylarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid nodir eksponatlar haqida ma’lumotlarni to‘plab, tizimlashtirib kelishmoqda. Bu boradagi ishlar samarasida 50 dan ortiq jildni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli noyob kitob-albomlar to‘plami yaratildi.

Kitoblarda Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va sanʼatiga oid matolar, kulolchilik buyumlari, rangtasvir asarlari va boshqalar haqida maʼlumotlar mavjud. Har bir jildda tavsiflar, illyustratsiyalar va eksponatlar tahlili berilgan bo‘lib, bu kitoblar turkumini nafaqat tadqiqotchilar uchun qimmatli ma’lumot manbai, balki keng auditoriya uchun ham ajoyib o‘quv va qo‘shimcha manbaga aylantiradi.

Muzeylarga kitob sovg‘a qilish O‘zbekiston milliy madaniyati uchun katta ahamiyatga ega, chunki bu mamlakatning noyob merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish imkonini beradi, shuningdek, O‘zbekiston tarixi va madaniyatini jahon miqyosida o‘rganishga xizmat qiladi.

Tadbir ko‘plab olimlar, madaniyat va jamoatchiligi vakillarining e’tiborini tortdi va ular ushbu tadbirning O‘zbekiston uchun ahamiyati beqiyosligi haqida gapirishdi. Marosimda milliy muzeylar vakillari, olimlar, jurnalistlar, madaniyatshunoslar ishtirok etishdi.

Bunday qimmatli madaniy merosni qabul qilish va asrab-avaylash barcha muzeylar va butun xalqimiz uchun katta sharafdir. Kitoblar ommaga taqdim etiladi va O‘zbekiston tarixi hamda madaniyati haqida mamlakat ichida va uning tashqarisida qimmatli bilim manbaiga aylanadi.