Toshkentda “O‘zbekiston amaliy san’ati durdonalari‘ ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Toshkentda o‘tkazilayotgan madaniy meros haftaligi va “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “O‘zbekiston amaliy san’ati durdonalari” ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasini muzeyning “Etnografiya” jamg‘armasida saqlanayotgan amaliy san’at kolleksiyalaridagi milliy liboslar va matolar, bosh kiyimlar, mis tangalar va sopol buyumlar, O‘zbekistonning turli mintaqalaridan XIX–XX asrlarga xos o‘ymakorlik va kashtachilik namunalari tashkil etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “O‘zbekiston amaliy san’ati durdonalari jahon to‘plamlarida” davra suhbati va Elmira Gulning “O‘zbekiston an’anaviy san’ati atamalari. Badiiy ensiklopediya” mualliflik nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Bu — ushbu yo‘nalishdagi ilk tajribam”, — dedi Elmira Gul. — “Dunyoda ko‘plab lug‘atlar mavjud — texnik, ijtimoiy, filologik. Ammo shu paytgacha O‘zbekistonning an’anaviy san’ati bilan bog‘liq atamalarning izohini o‘qish mumkin bo‘lgan lug‘at bo‘lmagan. Shuning uchun biz har bir atama illyustratsiya bilan izohlangan noyob lug‘atni tayyorlab nashr etishga qaror qildik”.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi a’zosi, Yaponiyaning Miho muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev Buyuk Ipak yo‘li va uning transmadaniy aloqalarni rivojlantirishdagi roli haqida batafsil ma’lumot berdi. Buyuk Britaniyaning Kembrij fors tadqiqotlari markazi direktori Firuza Melvill Buyuk Britaniya muzey kolleksiyalaridagi O‘zbekiston san’ati durdonalari haqida so‘zlab berdi.
Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda madaniy merosni qayta tiklash muhimligini bir necha bor ta’kidladilar.
“O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans asosi”, — menimcha, bu bugungi tadbirlarning asosiy g‘oyasidir”, — dedi Urganchdagi O‘zbekiston Zamonaviy san’at muzeyi direktori Shirin Tosheva. — “Har qanday zamonda mamlakatning, shu jumladan O‘zbekistonning madaniy merosi Renessans asosi, har qanday jamiyatni barpo etishning asosi bo‘ladi. Bunday tadbirlar sifatining har yili o‘sib borishi juda quvontiradi. Bu mamlakatning boy madaniy salohiyatidan dalolat beradi”.
“Bugungi kunda madaniyat orqali boshqa ko‘plab mamlakatlar O‘zbekistonni tanishmoqda”, — deydi Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganish assotsiatsiyasi asoschisi va prezidenti Frederik Bopertyui-Bressand. — “O‘zbekiston uyg‘onish davri — yangi Renessans yo‘lida ketayotgani naqadar yaxshi. Yaqinda Fransiyada, Parijdagi Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi ochildi va u Yevropa auditoriyasi orasida katta talabga ega bo‘ldi. Fransiyadagi bunday ajoyib ko‘rgazmadan so‘ng barcha O‘zbekistonga tashrif buyurishni istadi. Sizning tarixingiz nihoyatda boy va imkon qadar ko‘proq odamlar u haqda bilishiga munosib”, deya qo‘shimcha qildi Frederik Bopertyui-Bressand.





