И.В. САВИЦКИЙ НОМИДАГИ ҚОРАҚАЛПОҒИСТОН ДАВЛАТ САНЪАТ МУЗЕЙИ ТЎПЛАМИ
Tavsif
I. V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi O‘zbekistonning madaniy maydonida alohida o‘rin tutadi. O‘zining muhtasham kolleksiyasi tufayli u butun dunyoda “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bunday shon-shuhratni unga Turkiston avangardi nomi ostida tarixga kirgan rasmlar kolleksiyasi olib keldi. Bular O‘zbekistonning mashhur rassomlarining ilk asarlari, shuningdek, g‘oyalari sotsialistik realizm tamoyillariga to‘g‘ri kelmagan rus rassomlarining asarlaridir. Ko‘plab polotnolar jahon tasviriy sanʼati kolleksiyasining “oltin fondi”ni tashkil etuvchi juda qimmatbaho eksponatlardan hisoblanadi. Bundan tashqari, kolleksiyadan Qadimgi Xorazm moddiy va badiiy madaniyatining ajoyib namunalari – O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda shakllangan madaniyat va sanʼatning rivojini aks ettiruvchi terrakotadan ishlangan buyumlar, haykaltaroshlik namunalari, badiiy metall va zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar va asbob-anjomlar buyumlari ham o‘rin olgan. Ular orasida ossuariylar, skulptura (haykal) shaklidagi tasvirlar, devoriy rasmlar parchalari, turli xil kulolchilik mahsulotlari, zargarlik buyumlari, o‘qotar qurollarining namunalari, shuningdek, III–XVIII asrlarga oid kumush va mis tangalarning salmoqli to‘plamlari ham bor.