РОССИЯ ФАНЛАР АКАДЕМИЯСИ ШАРҚ ҚЎЛЁЗМАЛАРИ ИНСТИТУТИ ТЎПЛАМИ
Description
O‘zbekistonning muhtasham yozma merosining salmoqli qismi bugungi kunda har xil obyektiv sabablarga ko‘ra dunyoning turli kutubxonalarida saqlanmoqda. Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti (Sankt-Peterburg, Rossiya) ana shunday xazinalardan biri sanaladi. Rossiyaga P.K.Kozlov va V.I.Roborovskiylarning ekspeditsiyasi tomonidan Tuyuq-Mozordan (Sharqiy Turkiston) olib kelingan so‘g‘d qo‘lyozma matnlari, shuningdek Mug‘ tog‘idagi qalʼadan topilgan hujjatlar ular orasidagi nodir yozma manbalardir. O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan islom davriga qo‘lyozmalari orasida Qurʼon matnlari va boshqa diniy asarlar, tarix, kosmografiya va geografiyaga oid asarlar, tarjimai hollar va nasabnoma janridagi insholar, arxiv hujjatlari, jumladan, mansabdor shaxslarning diplomatik yozishmalari va hisobotlari, shuningdek, badiiy adabiyotlarning namunalari saqlangan. Xususan, Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti kolleksiyasida nomaʼlum xattot tomonidan nusxa ko‘chirilgan VIII asrga oid Qurʼonning eng qadimgi nusxalaridan birining 81ta sahifasi saqlanadi. Qo‘lyozma Sharqshunoslik instituti tomonidan 1936 yilda sotib olingan. Diniy mazmunga ega bo‘lmagan yodgorliklar qatorida Yusuf Xos-Hojib Bolaso‘g‘uniyning 1069-1070 yillarda turkiy tilda yozilgan “Qutadg‘u bilig” nomli axloqiy-didaktik mavzudagi poemasini ham keltirish mumkin. Asarda umumiy falsafaga oid hamda ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, estetik muammolar keng yoritilgan, “davlat”, “adolat”, “aql”, “matonat” kabi tushunchalarning aniq ifodalangan taʼriflari keltirilgan .
Umuman olganda, “Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami” nomli kitob-albomda ushbu qadimiy zaminda ko‘p asrlar davomida mehnat qilib kelayotgan isteʼdodli shoirlar, olimlar, xattotlar va miniatyurachi rassomlar tomonidan yaratilgan va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari institutining faxri sanalgan ajoyib sanʼat asarlarining namunalari taqdim etilgan.

