Kongresslar
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining IX Kongressi: “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak”
2025-yilning 13—15-noyabr kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusida xalqaro kongress tashkil etildi.

Butunjahon jamiyatning IX Kongressida Markaziy Osiyoning 350 ga yaqin olimlari, sanʼatshunoslari, taʼlim va madaniyat sohasi vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda mintaqa davlatlari va Ozarbayjondan kelgan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. Kongress doirasida turli formatdagi 75 ta tadbir o‘tkazildi, 200 dan ortiq ma’ruza tinglandi, ulardan 100 dan ortig‘i ilmiy xarakterga ega bo‘ldi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro kongress ishtirokchilariga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi. Tabrikda bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda xalqlar oʻrtasida tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni saqlash, ilm-maʼrifat va madaniyatga tayanish, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi. So'ng Islom sivilizatsiyasi markazi tarixi haqidagi hujjatli film namoyish etildi.
Kongressning aynan Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega. Chunki bu majmua Markaziy Osiyoning uch ming yillik tarixi, Renessans davrlari va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini oʻz ichiga olgan noyob ilmiy-maʼrifiy maskan hisoblanadi.
2000 dan ziyod artefakt namoyish etildi

"Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros - umumiy kelajak" mavzusidagi xalqaro congress doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Ekspozitsiya 2000 dan ortiq artefaktlar, turli tillarda muloqot qila oladigan intellektual avatarlar, multimedia zonalari, "vaqt devori," virtual sayohatlar, shuningdek, raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv makonlarni o‘z ichiga olgan.

Muzeyning "Birinchi Renessans" bo‘limi ekspozitsiyasi O‘zbekistonda Ka’ba yopinchig‘ining bir qismi - uning eshigini yopib turgan kisva kongress ishtirokchilarining alohida tahsiniga sazovor bo‘ldi. Mehmonlar o’zlarini go’yo Allohning uyi - Ka’baga yaqin masofada yurgandek his qilish imkoniga ega edi.
Ushbu bo‘lim ekspozitsiyasidagi eng nodir yodgorliklardan yana biri Ka’ba eshigining kalitidir. Taqdim etilgan XIII asr kaliti jez va kumushdan yasalgan, unga "Haj" surasining 27-oyati o‘yib yozilgan.
Kongress ishtirokchilarining ta’kidlashicha, muzeyda tarixiy osori atiqalardan tortib texnologiyalargacha bo‘lgan imkoniyatlar yagona konsepsiyada taqdim etilgani ayniqsa ta’sirli. Ular ekspozitsiya bo‘limlarida uch ming yillik davlatchilik, ilm-fan va ma’naviy taraqqiyot tarixiga oid dalillarni ko‘rishdi.
“Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi”
Firdavs Abduxoliqov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi:
– Bu kongressning asosiy maqsadi – kuchni birlashtirish. Chunki Oʻzbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir. Bugun buni butun dunyo tan olmoqda. Tashrif buyurgan madaniyat vazirlari va xalqaro ekspertlar ham bu goʻzal fikrlarni alohida eʼtirof etmoqda. Bizning ekspozitsiyalarimiz – "Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar", "Birinchi Renessans davri", "Ikkinchi Renessans davri", "Oʻzbekiston XX asrda" va "Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans" kabi boʻlimlar tarixni jonli anglash hamda kelajakni his qilish imkonini beradi.
Tashrif buyuruvchilar "Bu gʻoya kimga tegishli?", "Bu kabi ulkan markaz qanday yaratilgan?" kabi savollarni berishadi. Biz esa faxr bilan aytamiz: bu Prezidentimizning uzoqni koʻzlagan tafakkuri va bunyodkor qarashlari tufayli yuzaga keldi. Bugun markazimiz kutganimizdan ham ortiq shart-sharoit, texnologik imkoniyat va ilmiy-maʼrifiy boyliklarga ega. Toʻgʻrisini aytish kerak – mehmonlarning hayrati cheksiz!”
Markaziy Osiyo+Ozarbayjon muloqotlari

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari oʻrtasidagi madaniy hamkorlik soʻnggi davrlarda juda dinamik rivojlanmoqda. Bu, avvalo, mamlakat rahbarlari tomonidan yaratilgan samimiy muhit, doʻstlik va birodarlik munosabatlari asosida shakllandi. Barcha yoʻnalishlarda, ayniqsa madaniyat, ilm-fan, taʼlim sohalarida bu hamkorlik kun sayin rivojlanmoqda.
Mazkur Kongressda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon olimlari, ziyolilari, maʼrifatparvarlari bir maydonda jamlandi. Bu umumiy madaniy aloqalarni mustahkamlash, umumiy tarixni targʻib etish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash, ayniqsa madaniy aloqalarimizni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Shuningdek, “Ulugʻ oʻtmish – ulugʻ kelajak” rassomlar uchrashuvi tashkil qilinib, unda qardosh xalqlar badiiy merosining oʻxshash jihatlari, zamonaviy sanʼat tendensiyalari va ijodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikr almashindi.
Markaziy Osiyo tarixchilari II forumi

Xalqaro kongress dasturidan tarix, madaniyat, adabiyot, kino, raqamli texnologiya va diniy-maʼrifiy sohalarni qamrab olgan qator muhim uchrashuv va forumlar oʻrin oldi. Jumladan, Markaziy Osiyo tarixchilari II forumi o’tkazildi.
“Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy merosi: yagona oʻtmish – umumiy kelajak” mavzusidagi forum mintaqa mamlakatlari oʻrtasida tarixiy tahlil, ilmiy hamkorlik va umumiy konseptual yoʻnalishlarni belgilash borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjonning fanlar akademiyalari, tarix institutlari vakillari va yetakchi olimlari qatnashdi.
Forum doirasida qoʻshma rezolyutsiyalar, ilmiy, madaniy va gumanitar hamkorlikning institutsional asoslarini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Forum yalpi majlis va ikki shoʻba yigʻilishidan iborat boʻldi. Birinchi shoʻba — “Markaziy Osiyo moddiy madaniyati va maʼnaviy merosi” — arxeologiya, meʼmoriy yodgorliklar, islom davri madaniyati va xalqlarni birlashtiruvchi ilmiy anʼanalarga bagʻishlandi. Ikkinchi shoʻba — “Markaziy Osiyo tarixi: oʻtmishdan zamonaviylik sari” — Ipak yoʻli sivilizatsiya roli, jadidchilik harakati, tarixiy manbalarni oʻrganish va fan-taʼlim integratsiyasi kabi yoʻnalishlarda munozaralar oʻtkazildi.
Usmon Mus’hafi Qurʼoni Karim zalidan joy oldi

Kongressning ikkinchi kuni islom tarixining eng ulugʻ va muqaddas qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan Hazrati Usmon (r.a.) davrida koʻchirilgan Usmon Mus'hafi “Moʻyi muborak” madrasasidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirilib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Hozirda ushbu nodir qoʻlyozma UNESCOning “Jahon merosi” roʻyxatiga kiritilgan. Milodiy 644-656-yillar oraligʻida musulmon ummatiga rahbarlik qilgan Xalifa Usmon (r.a.) tomonidan yozdirilgan, oʻzlari ham muntazam oʻqib yurgan muborak Qurʼon nusxasi hisoblanadi. Tarixchilarning aytishicha, hazrati Usmon (r.a.) shahid etilgan paytda mus’haf sahifalariga muborak qonlari tomgan.
Mazkur qoʻlyozma xalqaro miqyosda ham chuqur oʻrganilgan. Ekspertlar tomonidan oʻtkazilgan tahlillar – qogʻoz, siyoh, xattotlik uslubi va matn tuzilmasi boʻyicha olib borilgan tekshiruvlar – bu mushafning aynan Usmon (r.a.) davriga mansub ekanini ilmiy jihatdan tasdiqlagan. Shu bois ushbu mus’haf – nafaqat diniy qadriyat, balki butun insoniyat uchun tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosning noyob timsolidir.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati 2018-yilda dunyoning 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2019-yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan va Toshkentda ham o‘z vakolatxonasiga ega. Kongress Butunjahon jamiyatining anʼanaviy yillik tadbiri bo‘lib, hozirgacha 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin olimlarni birlashtirgan va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda mamlakat hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

