O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi

Kongresslar

5–8 noyabr kunlari Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand sayyohlik  majmuasi hududida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. 

Kongress ERIELL GROUP xalqaro neft-servis kompaniyasi ko‘magida hamda bir qator milliy va xalqaro hamkor tashkilotchilar ishtirokida tashkil qilingan.
 

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati 2018 yilda dunyoning 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2019 yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan, joriy yilda esa Toshkentda ham o‘z vakolatxonasini ochdi. Kongress Butunjahon jamiyatining anʼanaviy yillik tadbiri bo‘lib, hozirda 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin olimlarni birlashtirgan va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda mamlakat hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi
 

Ilm ahlining mazkur katta anjumanida Butunjahon jamiyati aʼzolari yil davomidagi faoliyatlari natijalarini muhokama qildilar va kelajak uchun rejalar tuzdilar.Barcha Kongresslarning markaziy voqeasi “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etiladigan kitob-albomlarning taqdimotidir. Ushbu kitoblar O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari haqidagi qimmatli maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, 30 dan ortiq davlatlardagi O‘zbekiston madaniy merosiga oid to‘plamlarga bag‘ishlangan.
 

Har yili Butunjahon jamiyati davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirkorlik tuzilmalari ko‘magida ushbu turkumga oid navbatdagi kitob-albomlarni nashr etadi.Bu yil Kongressda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumi doirasida 10 ta yangi kitob-albom (61–70 jildlar) taqdim etildi. Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya (shu qatorda Tatariston), Turkiya va O‘zbekistondagi madaniy meros to‘plamlariga bag‘ishlangan kitob-albomlar shular jumlasidan. Shuningdek, Butunjahon jamiyatining boshqa nashriyot loyihalari – “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddan Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “O‘zbekiston sanʼati durdonalari”, “Orol va Amu bo‘ylarida: qoraqalpoq sanʼati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, shuningdek, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bag‘ishlangan rejadagi nashrlar, “O‘zbekiston gilamlari”, “114  Qurʼon”, “Sharqning 100 nodir qo‘lyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga taqdim etildi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi
Kongressning ilmiy qismi 5 ta xalqaro konferensiyadan iborat bo‘lib, ularda 120 ga yaqin ilmiy maʼruzalar tinglandi. Bular “Merosning yangi qirralarini kashf etish: jahon to‘plamlaridagi o‘zbek kolleksiyalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qo‘lyozma merosi durdonalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalarida Markaziy Osiyo muzeylari va kutubxonalari”, “Markaziy Osiyo tarixi va sanʼati: izlanishlar va kashfiyotlar” hamda “Kino olami va media: merosga yangicha nigoh” kabi mavzularda o‘rin olgan.

Kino bo‘yicha alohida anjuman o‘tkazilishi bejiz emas: joriy yil 11 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid badiiy va hujjatli filmlar yaratish vazifasi qo‘yildi.  Аnjumanda O‘zbekiston tarixi va tarixiy shaxslari haqida filmlar yaratish uchun TURKSOY mamlakatlari kino tashkilotlarining ijodiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirishning yangi mexanizmlari tahlil qilindi. Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston kino tashkilotlari rahbarlari ishtirokida turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasida kelgusida hamkorlikdagi filmlarni ishlab chiqarish mavzulari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu mamlakatlarning kino tashkilotlari rahbarlarining Kongress ishida ishtirok etishi, ularning madaniy merosini ommalashtirishga doir yangi kinoloyihalarni taqdim etish maqsadida TURKSOY davlatlari kinochilar ittifoqini yaratishga oid kelishuv memorandumi imzolandi. Kelishuvga binoan kelgusida Toshkent, Nukus va Buxoro shaharlarida animatsion maktablar ochiladi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi
Kongressda jami 40 mamlakatdan 300 dan ortiq ekspertlar, 20 dan ortiq ilmiy tashkilot rahbarlari, jumladan, TURKSOY rahbari Sulton Rayev, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Vengriya Fanlar akademiyasi  Kutubxona-axborot markazi bosh direktori Ishtvan Monok, Turin muzeyi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Anjela Benotto, Fransiya Temuriylar uyushmasi asoschisi va prezidenti Frederik Bressand, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi hamda raisi Frederik Starr, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafoyev va boshqa ekspertlar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi yakunlari bo’yicha 350 dan ziyod sharqshunos olimlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi