O‘ZBЕKISTON OBIDALARIDAGI BITIKLAR. ANDIJON
Tavsif
Albomga kiritilgan yozuvlarning asosiy qismi birinchi marta oʻqilgan va mahalliy meʼmorchilik yodgorliklari tarixini tiklashda foydalanilgan.
Birinchi marta homiylar, hunarmandlarning ismlari, xronogrammalar koʻrinishida qurilish sanalari aniqlangan. Meʼmoriy yodgorliklaridagi yozuvlar arab, fors va eski oʻzbek tillarida yozilgan. Arab tilidagi matnlarda asosan Qurʼon oyatlari va suralari, hadislar, ibodat tartibi haqidagi maʼlumotlar keltirilgan.
Fors va eski oʻzbek tilida sheʼrlar, xronogrammalar, bagʻishlov yozuvlari yozilgan. Ularda kufiy, suls, divoni, nasx, nastalik kabi yozuvlar hamda turli bezak uslublari qoʻllangan.
Albomda taqdim etilgan yodgorliklar orasida Devonaboy masjidi, Jomiy majmuasi, Jiddai Muborak masjidi, Gumbaz majmuasi, Pansad masjidi, Qipchoqqoʻrgʻon masjidi, Ahmadali Maxdum masjidi, Xolid ibn Valid masjidi, Otaqo‘zi madrasasi, Qutayba ibn Muslim maqbarasi kabi yodgorliklarni uchratish mumkin.